“Hikmat moʻminning yoʻqotgan narsasidir, qayerda topsa ham oladi” degan hadis bor.
Kasbimizga muqoyasa qilganda qayerda biror yangi, asosiysi, samarali oʻqitish va tarbiyalash usuli, vositasini uchratsak, uni oʻrganib, oʻzlashtirib, ijodiy ishlatishimiz manfaatlidir.
Ehtimol, kasbdoshlarga shunday usullardan biri – amerikalik ustoz Djordan Li oʻz amaliyotida samarali qoʻlaydigan “Sirli oʻquvchi” metodikasi qoʻl kelar.
“Sirli oʻquvchi” oʻyini mazmuni:
Dars avvalida oʻqituvchi bugun mashgʻulotda bitta oʻquvchini “sirli oʻquvchi” sifatida tanlashini aytadi.
Bu oʻquvchi kimligini faqat oʻqituvchi biladi, sinfga bu haqida aytilmaydi.
Oʻqituvchi “sirli oʻquvchini” zimdan butun dars kuzatishini, agar bu oʻquvchi tegishli talablarni bajarsa – boshqalarga halaqit bermasa, darsda faol qatnashsa, telefonga chalgʻimasa (va hokazo boshqa talablarni ham oʻylab topsa boʻladi), butun sinfni mukofotlashini aytadi.
Mukofot sifatida, masalan, uy vazifasidan ozod qilish yoki qisqartirgan holda berish, bitta darsga qoʻshimcha tanaffus kiritish va boshqa ragʻbatlarni taklif etish mumkin.
Agar “sirli oʻquvchi” talablarga javob bersa, oʻqituvchi dars soʻngida uning ismini eʼlon qilib, “Falonchiga rahmat desanglar arziydi, talablarga rioya etgani uchun sinf falon tarzda mukofotlanadi” deydi.
Bordi-yu, “sirli oʻquvchi” talabga javob bermasa, oʻqituvchi uning ismini tilga olmagan holda “Afsus, bugunchalik sirli oʻquvchimiz talablarni bajara olmadilar, sinfni mukofotlash keyingi safarga qoldiriladi”, deb aytadi.
Mutaxassilar izohi:
1)usul haqiqatdan ishlaydi, bolalar bir biri uchun masʼuliyat his etib, sinfni ragʻbatsiz qoldirib qoʻyishdan qoʻrqib, ehtiyotkor harakat qiladilar;
2)“sirli oʻquvchi” anonim boʻlgani uchun aslida bu istalgan oʻquvchi boʻlishi mumkiniligi sababli hech kim birovga ortiqcha bosim qila olmaydi.
Usulni qoʻllashdagi muhim talablar:
a) “sirli oʻquvchi” muvaffaqiyatsiz harakat qilsa, uning nomini aslo va aslo tilga olmaslik” (oʻquvchilarning bu kim boʻlganini aytish iltimoslariga qatʼiy rad javobini berish);
b) oʻquvchilar oʻzlari “sirli oʻquvchi” sifatida kim tanlangan boʻlishi mumkinligini hisob-kitob qilishga kirishib ketsalar, ularni bundan toʻxtatib, agar oʻyinni keyingi safarlar ham davom ettirishni istasalar, bir-birini ayblashni emas, qoʻllashni oʻrganishlari kerakligiga urgʻu berish;
v) “sirli oʻquvchi” talabga javob bergan taqdirda, butun sinf bilan birga uni tantanali maqtab qoʻyish (bu ham unga yaxshigina ragʻbat boʻladi);
g) oʻyinga yutuq sifatida oʻta katta neʼmatlar taklif etmaslik kerak, zotan, oʻquvchilar unga erisha olmasalar, koʻngli oʻksib qolmasligi, alamli his-tuygʻu boʻmasligi zarur (yutuq kichik, ammo yoqimli, magʻlubiyat esa koʻnib ketishga yarashadigan oddiygia boʻlgani maʼqul).
Tajribadan maʼlum boʻlishicha, bolalar odatda dastlab ancha qizishib ketadilar, ammo keyinchalik tartibga tushib, “hamma bir kishi uchun, bir kishi hamma uchun” shiori nimani anglatishini amalda tushunib boradilar.
Asosiysi, mazkur usul darsda oʻquvchilar diqqatini uyushtirish, oʻzini tartibli tutishga psixologik nozik tarzda majbur qiladi.
Material https://www.weareteachers.com/ saytidagi
“This Teacher Uses a “Secret Student” Strategy for Classroom Management, and Weʼre Taking Notes” maqolasi asosida tayyorlandi.