“Bogʻlanish nimada?” mashqi

Mashq bir biriga umuman yaqin boʻlmagan hodisalar oʻrtasidagi aloqadorlik haqida oʻylantirib qoʻyishga asoslanadi. Bunda oʻqituvchi fanga oid biror tushunchani aytadi va bu soʻz odatda oʻquvchilarda qanday assotsiatsiyalar uygʻotishini soʻraydi.

Masalan, fizika darsida oʻqituvchi “tezlik” desa bolalar tezyurar poyezd, yoʻl, radar, harakat kabi soʻzlarni aytishi mumkin. Shunda oʻqituvchi tezlik deganda umuman xayolga kelmaydigan soʻzni taklif etadi (masalan, “goʻzallik”) va oʻrtada qanday bogʻlanish boʻlishi mumkinligi haqida mushohada yuritishga chorlaydi.

Yuqoridagi misolda ehtimol, “tashqi goʻzallik ancha tez yoʻqolishi mumkinligi” “goʻzal sanʼat asarlari odamlar eʼtiborini tez tortishi, tez shuhrat qozonishi”, “tez gapirish nutqni goʻzal qilmasligi” haqida eslasa boʻlar.

Geografiya darsida “okean” soʻzi (odatiy assotsiatsiyalar – suv, orol, kema, kit va h.) ga kutilmagan juftlik qilib “tort” soʻzi berilsa (ehtimol, “tugʻilgan kunni okeandagi laynerda tort kesib nishonlash”, “toʻyda tort kesilgach, kelin-kuyovga okeanga sayohat sovgʻa qilinishi”, “tortga okeandagi suv oʻtlaridan olingan qandaydir ekstraktlar qoʻshilgan” singari syujetlar aytilar), iqtisodiyot darsidagi soʻz “reklama” boʻlsa (odatiy assotsiatsiyalar – savdo, mahsulot, pul, marketing va h.), unga juft qilib “beshik” soʻzi berilsa (masalan, “beshikka oʻxshab ikki tarafga chayqalib ikkilanib turgan odamlarni reklama yoʻnaltiradi”, “beshikning bezagiga oʻxshash rang barang reklamalar diqqatni tez tortadi”, “inson hayoti beshikdan boshlansa, tegishli tovarni qidirish reklama koʻrishdan boshlanadi” degan bogʻlamalar aytilishi mumkin).

Koʻrinib turibdiki, bunday yondashuv oʻquvchilarni nafaqat odatiy chegaralardan chiqishga va kengroq fikrlashga chorlaydi, balki maʼlum maʼnoda falsafiy mushohadaga undaydi.

Albatta, oʻqish-oʻrganishning chek-chegarasiga yetgan odam yoʻq.

Aziz ustozlar, buni hammadan ham koʻra oʻqituvchi odam yaxshi tushunadi va oʻzida his etadi. Ayni vaqtda oʻqib oʻrganib olganimizni oʻzimizning fanimiz, sinfimiz, oʻquvchilarimizdan kelib chiqib qoʻllaymiz.

Shunday ekan, yuqorida tavsiflangan ishlanmalarni yagona va eng haq yoʻl emas, balki mushohadaga, ijodga chorlov, deb tushunasiz. Tilga olingan usullar koʻproq oʻquv mashgʻulotiga ozgina yangi nafas qoʻshadigan, uning rangini biroz yaltiratishga xizmat qiladigan qoʻshimcha, xolos.

Bunday yondashuvlar hech qachon toʻlaqonli darsning oʻrnini egallashga daʼvo qilolmaydi.

Bu ish orasida xilma xillik uchun, zerikishdan saqlashga, ozgina xayolga berilishga kichik bir imkon. Tan olaylik, kundalik, bir xil, bir maromdagi hayot va faoliyatimizda baʼzida shu narsa yetmayotganini his etamiz-ku! Taʼlim oʻquvchi uchun najot ekan, oʻqituvchi uchun ham shunday najot boʻla olmaydimi?!

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)