Fizika qonunlariga binoan jismning boshlangʻich tezligi qanchalik baland boʻlsa, yakunda uning borib yetar joyi shuncha uzoq boʻladi, zarb kuchi shunchalik yuqori boʻladi, unga tashqi kuchlarning taʼsiri shunga yarasha kam boʻladi, undagi harakat yoʻnalishi shunchalik barqaror boʻladi.

Ushbu qonuniyatga suyanib, dars avvalidanoq jarayonga yaxshi temp va dinamika, yaʼni surʼat bera olsak, keyingi jarayonlar ham ancha jonli, faol oʻtishini tahmin qilish mumkin.

Darsning boshlangʻich kirish qismidagi eng muhim jarayon qaysi?

Bu yangi mavzuga kirishishdan oldin avvalgi mavzuni, uning asosiy masalalarini tezgina eslab olish amaliyoti.

Zero, taʼlimning didaktik printsiplaridan biri tizimli yondashuvni, oʻrganishda ichki mantiqiy bogʻlanishlarga, izchillikka eʼtibor berishni talab etadi.

Albatta, avvalgi mavzu boʻyicha oʻquvchi tushungani va eslab qolganini toʻgʻridan toʻgʻri bir nechta “ozgʻin va semiz” savollar (yaʼni qisqa javobni talab qiluvchi yoki biroz izoh berishni taqozo etuvchi savollar) orqali amalga oshirish mumkin. Yoki ushbu maqolani oxirgacha oʻqib chiqib, baʼzi faolroq usullar bilan ham qurollanib olsa boʻladi.

1-interaktiv usul: “Savollar zanjiri”.

Oʻqituvchi oʻtgan mavzu boʻyicha bitta oʻquvchiga (jarayon zanjir halqalari singari ketma ketlikda kechishi uchun oʻquvchilar oʻtirgan oʻrni boʻyicha eng yaqin oʻtirgan bolaga) savol beradi.

Agar bu oʻquvchi savolga javob bera olsa, unga keyngi (yonidagi yoki orqa qatordagi) oʻquvchiga bu mavzu yuzasidan oʻz savolini yoʻllash huquqi beriladi.

Bordi-yu javob bera olmasa, bu savol navbat bilan keyingi oʻquvchiga oʻtib ketadi va toki kimdir javob topmaguncha savol oʻyinda qoladi.

Bu navbatning quyi qismidagi oʻquvchilarni savol ularga kelguncha javobni topib turishga, usul har dars takrorlansa, oʻzlarini ham savol tuzib kelishlariga undaydi.

Hafta davomida yana 3 ta usulni ulashib boramiz. Kuzatib boring!

Ustoz kundaligi jamoasi