“Aqlli javob olmoqchi boʻlsang, aqlli savol ber” degan azaliy hikmatni biroz oʻzgartirib oʻqituvchiga shunday aytish oʻrinli boʻlsa kerak:

“Oʻquvchini aqlli savol berishga oʻrgata olsangiz, shuning oʻziyoq uni aqlli qilib qoʻyganingiz boʻladi”.

Albatta, mavzu boʻyicha javob berish uchun biror oʻquvchini sinf oldiga chiqarib, “Qani endi oʻrtogʻingizga savol beringlarchi?”, deb qolganlarga koʻrsatma berish oson.

Ammo qaysi zamonda oʻrgatish jarayonida oshpaz usta shogirdga “Mana oʻchoq, qozon, kapkir, oshni boshlang” deganday yondashadi?! Talab qilishdan avval elementar adolat nuqtai nazaridan ham yetarlicha oʻrgatish kerakmi?

Oʻquvchini savol tuzishga va berishga oʻrgatish borasida har bir ustozning albatta, oʻz yondashuvi va usullari boʻlishi mumkin.

Quyida bu jarayonni interaktiv (bizning taʼbirimizda jonli va jozibali) tashkil etishning ayrim texnikalari bilan tanishtiramiz.

1. “Soʻroq soʻzlar” texnikasi.

Ishning borishi. Daftarga ikki ustunli jadval chiziladi. Oʻtilgan mavzuga tegishli tushunlarni eslash va ularni jadvalning oʻng tarafiga ketma-ket yozib chiqish topshirigʻi beriladi. Masalan, mavzu “Suvda ham quruqlikda yashovchilar”, tayanch tushunchalar – amfibiya, reduktsiya, naysimon suyaklar, tana harorati, panja qanotli baliq, yuqori devon davri va h. Soʻngra oʻquvchilarga jadvalning chap tarafiga kamida 8 ta soʻroq soʻz (qachon, qayerda, nega, qancha, qanday, nima, qaysi, nimaning hisobiga yoki boshqa soʻz) larni yozib chiqish taklif etiladi. Keyin oʻquvchilar jadvalning ikki ustunidan foydalanib,savollar tuzishi kerak boʻladi (masalan, “Amfibiya soʻzi nimani anglatadi?”, “Suvda ham quruqlikda yashovchilar tana harorati qanday boʻladi?”, “Nimaning hisobiga suvda ham quruqlikda yashovchilarda oyoqlar paydo boʻlgan?”, “Qaysi turdagi tirik mavjudotlardan suvda ham quruqlikda yashovchilar paydo boʻlgan?”, “Ilk suvda ham quruqlikda yashovchilar qachon paydo boʻlgan?” va h.).

Mashqning asosiy afzalliklari: mavzu asosini tashkil etuvchi tayanch atamalar oʻzlashtirilishi yaxshilanadi; tafakkur sintezlash, yaʼni qismlarni bir butunga jamlash operatsiyasi rivojlanadi; qiziqarli va qiyin, boshqalarda uchramaydigan savollar oʻylab topishga undovchi musobaqalashish vaziyatini hosil qilishga yaxshi imkoniyat yaratiladi.

2. “Gul barglari” texnikasi.

Ishning borishi. Tegishli mavzu oʻtilgach, oʻqituvchi savollar har xil boʻlishi mumkinligi, jumladan, quyidagi 5 turdagi savollar haqida maʼlumot beradi:

a) “oddiy savol” – javobda qandaydir faktni aytishni talab qiluvchi savol;

b) “tushuntiruvchi savol” – javobda kengroq tushuncha berishni taqozo etuvchi savol;

v) “ijodiy savol” – javobda xayolan taxmin qilib koʻrishni nazarda tutuvchi savol;

g) “baholovchi savol” – javobda u yoki bu hodisaga turli tomondan baho berishga undovchi savol;

d) “amaliy savol” – javobda nazariya va amaliyot oʻrtasida bogʻlanishni taʼkidlash kutiladigan savol.

Savol turlari haqida (imkon qadar misollar bilan) tushuncha berilgach, oʻqituvchi shu darsning oʻzida yoki uyga vazifa qilib tegishli mavzu yuzasidan har bir turdagi savollardan namunalar tuzish topshirigʻini beradi.

Dars davomida oʻqituvchi partaga 5 bargli gul shaklidagi ishlanmani qoʻyadi va biror oʻquvchini doskaga chiqarib, gulning istalgan bargini tanlashga taklif etadi.

Gul barglarining har biri ortida 5 turdagi savolning nomi yozilgan boʻlib, oʻquvchiga qaysi turdagi savol tushsa, qolganlar oʻzlari tuzgan savollar orasidan aynan shunday turdagi savollarni unga berishlari kerak boʻladi.

Shu tarzda bir necha oʻquvchi bilan savol-javob oʻtkazish mumkin. Jarayon yakunida savol tuzganlar va javob beruvchilarga baho qoʻyilishi mumkin boʻladi.

Masalan, mavzu “Materiklar” boʻlsa, savollar namunalari quyidagicha tuzilishi mumkin:

a) “Eng katta materik qaysi?”, “Qaysi materik eng soʻnggi kashf etilgan?”;

b) “Materiklar qanday paydo boʻlgan?”, “Nima uchun baʼzan materiklar soni 6 ta, baʼzan 7 ta, deb aytiladi?”;

v) “Agar Antarktida materigidagi barcha muzlar erib ketsa, nima boʻlishi mumkin?”, “Yevroosiyo materigi ikkiga ajralib ketsa, qanday oqibatlar roʻy beradi?”;

g) “Avstraliya materigi kashf etilishining ijobiy va salbiy tomonlari nimada boʻldi?”, “Antarktida materigida birorta davlat yoʻqligi nimasi yaxshi va yomon?”;

Davomi keyingi sonda..