Savol: Ertaga probniy dars oʻtmoqchiman. Markaz xodimlari “oʻquvchilarni ushlab qolish sizga bogʻliq” deyishdi. Darsimda maktab yoshidagilar ham, kattalar ham boʻladi.

Shuning uchun savol: birinchi/probniy darsda nimalarga eʼtibor qaratsam yaxshi, nima qilsam boʻladi va nimalardan yiroq boʻlishim kerak?

Oʻquv markazlari yoki xususiy repetitorlikdagi sinov darslari zamonamizning oʻziga xos talablaridan biriga aylangani rost.

Uning chiroyli va samarali, yaʼni oʻquvchi va asosiysi, uning ota-onasida shu yerda qolish istagini uygʻotadigan darajada oʻtishi bir qator omillarga bogʻliq.

Asosiy formula: Sinov darsida oʻqituvchi oʻquvchi va uning orqasida turganlarga "Sizlardagi muammoni yechishga men yordam bera olaman", degan tasavvurni berish.

Tajribali ustozlar ideal sinov darsini oʻtkazishda quyidagi qadamlar bosib oʻtilishini taʼqidlaydilar:

1. Tashkiliy bosqich. Zarur materiallarni tayyorlab qoʻyish, darsdan ertaroq kelib, barcha asbob anjomlar sozligini, prezentatsiya bor boʻlsa, texnika qanchalik ishlayotganini tekshirib olish, tashqi koʻrinish, oʻqituvchi ortida dars vaqtida qanday fon boʻlishiga eʼtibor qaratib qoʻyish.

Dars avvalida doʻstona ohangda salomlashib, sinov darsi qanday bosqichlarda oʻtishi, uning strukturasi va davomiyligi haqida maʼlumot berib oʻtish ortiqcha boʻlmaydi, deb hisoblanadi.

2. Oʻzini prezentatsiya qilish (tanishtirish, taqdim etish) bosqichi. 2-3 daqiqada oʻzi haqida maʼlumot berish. Bunda asosiy urgʻuni darsda oʻtirgan oʻquvchilardagi muammoni yechishda tajriba borligini bildirib ketish kerak (deylik, bu ingliz tili boshlangʻich kursi, unda "Men falonchi, bu yerni tugatganman yoki shu yerda oʻqiyapman, hozirgacha shuncha oʻquvchini ushbu kursdan oʻtkazdim va oʻquvchilarimning shuncha katta foizi ingliz tili keyingi bosqichlarida muvaffaqiyatli oʻqishni davom ettirayaptilar, dastlabki oʻquvchilarimdan shunchasi V yoki S darajalarga erishdilar).

3. Kutilmani aniqlashtirish. Qisqagina savol-javob bilan oʻquv kurslariga kelishdan asosiy reja nimaligi bilan qiziqib koʻrish va shunga muvofiq, oʻquvchi oldida turgan maqsadga bu yerdagi taʼlim qanday yordam berishi mumkinligi taʼkidlab oʻtish (deylik, anʼanaviy tarzda oʻquvchilar kirish imtihonlariga yaxshiroq tayyorlanish istagini bildirayaptilar, ulardan maktabda yoki mustaqil nega buni amalga oshirish qiyinligini soʻrab turib, bu borada ularning qondirilmagan ehtiyojlari qanday tarzda oʻquv kursida maromiga yetkazilishi mumkinligini taʼkidlash mumkin).

4. Diagnostika. 10 daqiqagacha maxsus tayyorlab qoʻyilgan topshiriqni guruhiy muhokamaga qoʻyib koʻrish yoki shaxsan bajarishga berish orqali birlamchi darajani bilib koʻrish.

5. "Hayratga solish". Diagnostikada berilgan topshiriqda koʻpincha yoʻl qoʻyiladigan xatoni aytib (masalan, ona tilida tushum kelishigi va qaratqich kelishigi qoʻshimchalarini qoʻllashda adashtirish koʻp uchraydi), oʻshani umuman esdan chiqmaydigan qilib tushunib olishning qandaydir "sirli" usulini, yengil yoʻlini koʻrsatib ketish (kelishik qoʻshimchalar misolida, masalan, soʻz birikmasida egalik qoʻshimchasini olayotgan soʻz orqali qaratqich kelishigi qoʻshimchasi qoʻllanishi qoidasini izohlash) orqali "e-e-ha, oson ekan-ku", degan taassurotni uygʻotish (buning uchun oʻqituvchi oʻzi tajribasidan kelib chiqib, shunaqangi koʻpchilik xato qiladigan, lekin osongina hal qilinadigan "siri" bor vazifalardan toʻplamcha qilib olishi maqsadga muvofiq).

6. Qaytar aloqa. Oʻquvchilardan oʻrganilgan masalalar qanchalik tushunarli boʻlgani, qayerlarida koʻproq qiyinchilik tugʻilayotganini soʻrash. Mavjud muammoli holatlar oʻquv kursi davomida qanday hal etilishi mumkinligi boʻyicha qisqacha reja-taktika bilan tanishtirib ketish.

7. Yoqimli bonus. Dars yakunida oʻquvchilar oʻzlari bilan olib ketishi mumkin boʻlgan bonus berish. Bu koʻrilgan masalalarga oid qiziq material, tarqatma, kichikroq buklet, mavzu boʻyicha oxirida javoblar berilgan testlardan iborat kichikroq broshyuracha va h. boʻlishi mumkin (albatta, iloji boricha, bir chekkasida oʻquv markazi yoki ustoz "kontaktlari" aks ettirilgan boʻlishi marketing nuqtai nazaridan ayni muddao).

Keyingi postimiz:

“Sinov darsida koʻpincha yoʻl qoʻyiladigan xatolar”. haqida boʻladi..

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)