Bir ustoz taʼtilga uy vazifa berib, butun dunyoga mashhur boʻlib ketganini tasavvur qila olasizmi?

Italiyaning Fermo shaharchasidan boʻlgan Chezare Kata facebook tarmogʻidagi sahifasida oʻquvchilarga yozgi taʼtil uchun vazifalar roʻyxatini eʼlon qildi.

“Fikrdan fikr uygʻonadi” deganlariday, balki bu bir qarashda “gʻalati” yozgi uy vazifalari fidoiy hamkasblarimizda yangidan-yangi kreativ gʻoyalarga ilhom berishi mumkindir:

1. Tongda dengiz boʻyida yolgʻiz sayr qiling, quyoshning suvdagi aksini tomosha qilib, sizni baxtiyor etayotgan narsalar haqida oʻylang.

2. Bu yil oʻrgangan yangi soʻzlarimizdan foydalaning. Qanchalik koʻproq soʻzlay olsangiz, shunchalik qiziq fikrlaysiz, fikrlaringiz qanchalik koʻp boʻlsa, shunchalik erkin boʻlasiz.

3. Koʻp oʻqing! Imkon qadar koʻp. Topshiriq berilgani uchun emas, oʻqish sizni xayol va sarguzasht olamiga olib ketishi, goʻyo parvozga oʻxshashi sababli oʻqing. Oʻqish isyonning eng yaxshi shakli ekani uchun koʻp oʻqing (nimani oʻqishni bilmay qolsangiz, maslahatga oldimga keling).

4. Sizga boʻshliq va tushkunlikni olib keluvchi narsa, hodisa va odamlardan uzoqroq boʻling. Sizni toʻldiradigan, asl holingizcha qadrlaydiganlar bilan doʻst boʻling.

5. Agar hafa boʻlsangiz yoki qoʻrquv kelsa, tushkun boʻlmang, yoz oʻzining turfa xil oʻzgarishlari bilan shunday taʼsir qilishi mumkin. Yaxshisi oʻz hissiyotlaringizni kundalikka yozib boring (istasangiz, sentyabrda uni hammamiz oʻqib chiqamiz).

6. Bir bora boʻlsa-da tongni qarshi oling. Jim kuzating, chuqur nafas oling. Koʻzingini yumib shukronalikni his eting.

7. Sport bilan koʻproq shugʻullaning.

8. Darslarimiz konspektlarini koʻrib chiqing, oʻqiganlaringizni hayotingizdagi voqealar bilan qiyoslab koʻring.

9. Quyosh nuridek baxtiyor va dengizdek erkin boʻling.

10. Iltimos, urushmang, xushmuomala boʻling.

11. Yaxshi, chiroyli hissiyotlarga boy filmlar koʻring (imkoni boʻlsa, ingliz tilida). Film siz uchun oxirgi daqiqada tugamasin, uning mazmuni haqida oʻylang.

12. Yoz – sehrga toʻla. Quyoshning zarin nurlarida toblanayotganda, yozning issiq oqshomlarida hayot qanday boʻlishi kerakligi haqida xayol suring. Orzuga yetish yoʻlida hech qachon taslim boʻlmaslikka soʻz bering.

13. Yaxshi bola boʻling!

P.s: Shubhasiz, bu roʻyxat jugʻrofiy-madaniy makon va ustoz-shogird munosabatlarining milliy anʼanalari chigʻiridan oʻtkazilib, ijodiy oʻrganilishi maqsadga muvofiq.