Taʼlimning psixologik negizlarini oʻrganuvchi psixolog olimlar orasida “Oʻqimishlilik – tezkor paydo boʻladigan assotsiatsiyalardir” degan qarash ancha mashhur.
Assotsiatsiya deb xotiramizga biror maʼlumotni keltirganimizda, unga boshqa qaysidir jihatdan bogʻliq maʼlumotlar, fikrlar oʻz-oʻzidan ergashib kelishiga aytiladi.
Bunday xotira xususiyati yuqori rivojlangan odamlar dunyoqarashi keng, har qanday mavzuda suhbatni davom ettirib keta oladigan insonlar sifatida namoyon boʻladi.
Sizga tanish shunday insonlarni eslang, haqiqatdan, ular oʻta oʻqimishli siymolar timsoli, bilimdonlar oʻlaroq taassurot uygʻotadilar.
Shaxs aqliy kamolotining hal qiluvchi kuchi taʼlim ekan, demak, bu sifatni oʻquv faoliyatida rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq. Bunda ehtimol, quyidagi ayrim oʻyinli taʼlim texnologiyalari qoʻl kelib qolar.
1. “Konstruktor” mashqi.
Uslub qismlardan butun tuzulma yasashga asoslanadi.
Oʻqituvchi xuddi klaster texnologiyasida boʻlganidek, oʻrganilayotgan mavzuga oid biror tushunchani doskaga yozadi.
Masalan, tarix darsida “Oʻrta asrlarda uygʻonish davri” mavzusi oʻrganilayotgan boʻlsa, shunga tegishli ravishda “Leonardo da Vinchi” soʻzini oʻqituvchi doskaga yozdi deylik, oʻquvchilar shu soʻzni eshitganda birinchi xayolga qanday soʻzlar kelishini aqliy xujum usulida bildiradilar – Italiya, rassom, ixtirolar, Mona Liza, Luvr, anatomiya, parashyut va h. Soʻngra ularga shu soʻzlarning imkon qadar barchasidan foydalanib, gap tuzish topshirigʻi beriladi – “Leonardo da Vinchi buyuk italiyalik rassom va ixtirochi, shuningdek, anatomiyaga qiziqqan hamda zamonaviy parashyut gʻoyasining birinchi muallifi boʻlib, uning dunyoga mashhur Mona Liza asari Luvr muzeyida saqlanadi”.
Mashq nafaqat tafakkurning sintezlash qobiliyatini, yozma nutq orqali fikr bildirish malakasini rivojlantiradi, soʻz boyligini kengaytirishga xizmat qiladi.
2. “Kutilmagan bogʻlama” mashqi.
Mashq bir qarashda oʻzaro bogʻliq boʻlmagan narsa-hodisalar oʻrtasida aloqalar silsilasini shakllantirishga asoslanadi.
Bunda oʻqituvchi fan (yoki mavzu) boʻyicha assotsiativ zanjirning boshidagi va oxiridagi soʻzlarni beradi, oʻquvchilar zanjirning yetishmayotgan halqalarini tegishli assotsiatsiyalar bilan shunday toʻldirishi kerakki, yakunda fikr mantigʻi soʻngi soʻzga bogʻlanib ketishi lozim.
Masalan, tarix darsida “xoch-...-...-...-usmoniylar sulolasi” (“xoch-xristianlik-salib yurishlari-Konstantinopol-usmoniylar sulolasi”), anatomiya darsida “quyosh-...-...-...-gips” (quyosh-D vitamini-raxit-travma-gips”), fizika darsida “Per Kyuri-...-...-...-Yaponiya” (“Per Kyuri-radioaktivlik-atom bombasi-Xirosima-Yaponiya”), geografiya darsida “pigmeylar-...-...-...-dinozavrlar” (“pigmeylar-Afrika-choʻl-kaltakesak-dinozavr”), adabiyot darsida “Temir xotin-...-...-...-jadidlar” (“Temir xotin-Jamshid Zokirov-Gavhar Zokirova-Abdulla Avloniy-jadidlar”) kabi.
Bunday yondashuvda oʻquvchi nafaqat ushbu ulkan olamda ichki bogʻlanishlar koʻpligini anglab boradilar, balki qadam-baqadam marraga yetishga oʻrganadilar.
Davomi keyingi postimizda.