Xitoyga safarim shaxsan menga juda yoqdi. Ham tarixiy, ham rivojlangan shaharlarni koʻrdik.

Dastlab Pekin shahrida boʻldik. Birinchi kunlardanoq bizni hayratga solgan narsa — bolalar kamligi boʻldi.

Biz Oʻzbekistonda bir oilada 3–4 farzand boʻlishiga, koʻchalarda bir gala bolachalar bilan yurishiga oʻrganib qolgan ekanmiz. Bizga bu normal tuyular ekan.

Ammo Xitoyda 2–3 kun deyarli yosh bolalarni koʻrmadik. 2 ta bola bilan yurgan ota-onalarni koʻrish — choʻl ichida atirgul koʻrganday ekan...

Gidimizga “mening 2 ta farzandim bor” desam — “seni-ya?” deb ajablanib qoldi. Kamina oʻzini birinchi marta qahramonday his qildi)

Keyin bilsak, hozirgi xitoyliklarda farzandsizlik avjga kirgan ekan.

Farzand katta qilish qimmat boʻlgani uchun koʻp xitoyliklar yo farzand koʻrmaydi, yo juda kech farzand koʻrar ekan.

Shu payt oʻzbeklar bilan solishtirdik. Bizda ayni teskarisi ekan. Bolam-chaqam deb yashar ekanmiz. Ha, oshirib yuborishimiz bor gap, ammo solishtirganda bizning qadriyatlar tilladay koʻrindi koʻzimga...

Farzand oʻrniga it boqish avjga kirgan. Hatto itlar uchun alohida maktab ham bor ekan.

20-asrda koʻp farzandlilikka qarshi kurashgan Xitoy hukumati hozirgi kunda farzand koʻpaytirishni faol targʻib qilar ekan. Har bir tugʻilgan farzand uchun mukofot puli bor ekan.

Baʼzi aholisi kam viloyatlarda 15 ming dollargacha mukofot puli berilar ekan. Oʻzbekistonda shunday qonun boʻlsa bormi...

Ayniqsa hozirgi avlod juda xudbin boʻlib ketayotgani, oilasini tark etib, oʻzi yashashga harakat qilishini ham taʼkidlab oʻtdi gidimiz. Sabab faqat gʻarblashishda emas, balki ijtimoiy bosimda ham ekan:

Mantiq shundaki, xitoyliklar odatda oilada yagona boʻlgani uchun u bir oʻzi butun boshli oilani boqishga majbur boʻlib qolar ekan — bobo, buvi, ota, ona, “it va mushuklar”... (1 vs 5). Bosimdan qochish uchun oilani tark etar ekan.

Koʻpchilik xitoyliklar dinsiz ekan, bizning gidimiz ham. “Oʻlganingizdan keyin hayotni qanday tasavvur qilasiz?” desam, “shunchaki tuproq boʻlamiz, yoʻq boʻlib ketamiz”, deb juda osonlikcha javob berdi.

Oʻylashimcha, haligi farzandsizlik muammosining ham asl ildizi shu yerda edi.

Faqat negativ tomondan gapirdim shekilli, yaxshi tomonlari men oʻylagandan ham koʻproqdek tuyuldi.

Mehmondoʻstligiga qoyil qoldik. Mehmonxona xizmatchilari xizmatidan darhol oʻta mehmondoʻstlikni sezsangiz boʻladi. Oʻta samimiy, xizmatni ogʻrinmasdan qiladi.

Ha, endi mehmonxonada — ularning ishi shu deb ham aytolmadik. Koʻchada ham xitoyliklar mehmonni juda hurmat qilishini guvohi boʻldik:

Adashmasam, 4 martaga yaqin biz uchun shunchaki toʻlab yuborishdi. Masalan, coffee olayotganda kartamiz ishlamay qolgandi, shunchaki toʻlab ketishdi.

Xitoyliklarning yana bir oʻzgacha xislatlaridan biri bu sabrlilik ekan. Yana kartamda toʻlov qilishda muammo boʻlganda, taksistimiz 10 daqiqadan ortiq shunchaki kutib turdi. Bizda boʻlganda aniq baqirib yuborishardi.

Bir marta emas, bir necha marta shunday holat boʻldi. Hammasida taksistlar “qiyshaymasdan”, indamay kutib oʻtirishdi.

Xullas, gapiraman desam, gap koʻp.

Safar qilib turish kerak ekan. Dunyoqarashingizni keskin oʻzgartiradi. Hayotga oʻzgacha koʻzoynak bilan qarashni boshlaysiz.

Keyingi safarga biz bilan chiqasizmi?