Yil yakunidagi darsimda baʼzi sinflarim bilan bir eksperiment oʻtkazdik. (Avval izlandim, maʼqullangani uchun sinab koʻrdim)

Yaʼni, xohlovchilarni navbatma-navbat butun sinf oʻzi sezgan yomon odatlarini yoki xarakteridagi salbiy kamchiliklarini aytish.

Shartlar: Ishtirokchilar xafa boʻlmasligi, xafa boʻlish ehtimoli borlarga buni qilmaslik. Aytilgan kamchiliklarni yozib olish va rostdan ham bor deb oʻylaganlarini oʻzgartirish.

Faqat avval buning foydalari sinfga toʻliq tushuntirib bera olinsa ishtirokchilar yana ham koʻpayadi.

Oʻzimdan boshladik. Oʻquvchilarim 6-7 ta xato va kamchiliklarimni aytishdi. Orasida oʻzim sezib yurganlarim ham bor. Undan tashqari oʻylab ham koʻrmaganlarim ammo oʻzgartirishga arziydiganlari ham bor ekan.

Qolganlari esa ularning foydalari uchun ekanligi va hozircha muqobili yoʻq boʻlganligi uchun oʻzgartish imkonsiz ekanligini tushuntirdim.

Keyin oʻquvchilarni navbati keldi. Sinfdoshlari berayotgan fikrlarni eshituvchiga aniqroq tushuntirib turdim. Orasida oʻzim ham aytdim. Qizigʻi kamchiliklarini eshitgan hech kim xafa boʻlmadi.

Oʻzinikiga qiziquvchilar deyarli butun sinf boʻldi. Bu yaxshi. Eshitishga roziligi oʻzgarishga moyilligi borligini bildiradi.

Oʻz kamchiliklarini hamma tasdiqladi. Oʻzgarishi kerakligini aytdi. Maslahatlar soʻrashdi. Ajoyib! Endi amal qilishsa bas.

Shunda oʻylab qoldim: “Biz kamchiliklarimizni eshita olmaydigan emas, kamchiliklarni aytish yoʻllarini bilmaydigan odamlar ekanmiz”mi deb.

Foydalari:

1. Sinf ahillashadi. Umumiy xatolar toʻgʻrilansa munosabatlar mustahkamlanadi.

2. Ortdan gapirish odati kamayib yuzma-yuz gaplasha olish xarakteri shakllanadi

3. Koʻpchilikning qoʻlida kelmaydigan muhim xislat: xatolarni tan olish koʻnikmasi shakllanadi.

4. Xatolaringizni toʻgʻirlaganingiz sari faningiz oʻrganuvchilar soni oshib boraveradi. Toʻgʻirlash eshitishdan boshlanadi.

5. Ortingizdan qilingan oʻrinli tanqid sizni obroʻsizlantirsa, oʻzingizga aytilganlari sizni oʻstiradi. Tanlayvering.

Post muallifi: @javokhir_toshpulatov