1955–1975-yillar orasida dunyoni larzaga keltirgan Vetnam urushi boʻlib oʻtgan.

Bu urushda Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻzining kuchli va zamonaviy qurollangan qoʻshinlarini Vetnamga yuborgan.

Amerikalik askarlar — uzun boʻyli, baquvvat va texnik jihatdan ustun edi.

Vetnamliklar esa — boʻyi past, ozgʻin, ammo chaqqon va jasur xalq edi.

Dastlab hamma amerikaliklar tezda gʻalaba qozonadi, deb oʻyladi.

Ammo voqelik boshqacha boʻldi.

Vetnamliklar oʻzlarining kichik jussasini afzallikka aylantira oldilar.

Ular yer osti tunnellari qazib, ularda yashirincha harakatlana boshladilar.

Amerikalik askarlar esa bu tor, qorongʻi tunnellarga sigʻolmas, tiqilib qolardi.

Shunday tuzoqlar, mina va oʻrmon janglari oqibatida 20 yil davomida Amerika armiyasi gʻalaba qozona olmadi.

Natijada, 1975-yilda ular Vetnamni sharmandalarcha tark etdi.

Vetnamliklarning kichikligi kamchilik emas, fazilat boʻlib chiqdi..

Men Vetnamliklarni yangi ustozlarga oʻxshataman.

30 yillab dars bergan tajribali, ”samoviy” toifali ustozlar oldida oʻzini ojiz his qiladi.

Ammo aynan ularda katta imkoniyat borligini koʻpchilik sezmaydi.

Xoʻsh, yangi ustozlar tajribasizlikni qanday ustunlikka aylantirishi mumkin?

1. Yangi qon. Yangi ustozlar hali tizimga tushmagan, kreativligi oʻlmagan boʻladi.

Ozgina oʻz ustida ishlasa, bemalol bolalarni qiziqtira oladi.

2. Xato qilish — tabiiy hol. Yangi ustoz — bu talabadir. Undan koʻp narsa kutilmaydi. Xato qilsa, kechiriladi. Tajribali ustozning xatosi esa qimmatga tushadi. Shu bois yangi ustozlar koʻplab yangiliklarni sinab koʻrishi mumkin — ularga yarashadi.

3. Texnologiya ustunligi. Tajribali ustozlar eski uslublarga oʻrganib qolgan boʻlishi mumkin.

Yangi ustozlar esa Google Forms, Quizizz, Kahoot yoki AIʼdan bemalol foydalanadi.

Bu ularni oʻquvchilarga yaqinlashtiradi.

4. Trendlardan boxabarlik. Yosh ustozlar zamon bilan hamnafas. Ular bolalar dunyosiga yaqinroq boʻladi. Darsda zamonaviy trendlardan foydalanish orqali oʻquvchilarni faollashtirish oson.

5. Oʻrganishga ochlik ustunligi. Yangi ustoz oʻzini hali mukammal deb bilmaydi. Shuning uchun har bir darsdan keyin izlanadi, savol beradi, yangi metodlarni oʻrganadi. Tajribali ustoz esa koʻpincha «bu ishlamaydi» deb yangi narsalarga yopiq boʻladi.

Xullas, yangi ustoz boʻlsangiz — siqilmang. Oʻzingizni noqis his qilmang.

Oʻz kamchiligingizni fazilatga aylantiring:

Hammadan ilgarilab ketasiz!

Postni ustozlarga ulashing.