Birodarim — qoʻrquv, seni koʻpchilik xushlamaydi. Yomon koʻradi. Sendan qutulishga harakat qiladi.

Rostini aytsam, men ham seni yoqtirmasdim. Ammo katta boʻldim, aqlim kirdi. Esimni tanidim. Bilsam, sen mening eng yaqin doʻstim ekansan. Shu postda senga rahmat aytmoqchiman.

Yoshligimda sendan juda jonim chiqardi. Oilaviy janjal vaqti tunda uyqimni qochirarding. Ertalabgacha suhbatlashib chiqardik.

Seni deb doimo qovun tushirganman. Seni deb hatto ismimni ayta olmay qolgan damlarim ham boʻlgan.

Katta boʻldim — oʻqishga kirishim kerakligini sen uqtirding. Abituriyent paytimda bir soniya ham yonimdan jilmading. «Oʻqishga kirmasang, bir umr qora mehnat qilasan», deb qayta-qayta gapirding.

Ilk dars bergan paytlarimda ham yonimda eding:

— «Bolalar seni mensimaydi»;

— «Nutqing yaxshi emas»;

— «Hammaning oldida sharmanda boʻlasan», deb tinmay vasvasa qilarding.

Birinchi marta xorijiy tilda dars berganim esingdami? Seni deb oyogʻim titragan edi.

Oʻzimni jilovlay olmay oʻquvchiga baqirib qoʻygan paytlarim-chi? «Hammasi tamom», 2 kun tinch qoʻymagansan.

Ammo shukr senga, birodarim:

• Seni deb oʻqishga kirdim.

• Seni deb grantga tushdim.

• Seni deb oʻqituvchi boʻldim.

• Seni deb oʻzim ustida tinimsiz ishladim.

• Seni deb kurslarda oʻqidim.

• Seni deb har yili maoshimni ikki baravar oshira oldim.

• Seni deb eng kuchli ustozlar jamoasiga qoʻshildim.

• Seni deb oʻqituvchilarga kurs oʻta boshladim.

Hozir qayerdasan? Nega meni tark etding?

Sensiz energiya yoʻq. Masʼuliyat yoʻq. Yangi oʻquv yili boshlansa ham qalbimda sokinlik.

Balkim tajribadandir, balkim oʻqigan kurslarim taʼsiridir — bilmayman..

Birodarim, qoʻrquv. Kimdir seni yomonlasa, kimdir soddaligingdan foydalansa, marketologlar seni bahona qilib sotuvlarini oshirsa — menga yoz. Senga yordamga doim tayyorman.

Sendan qutulmoqchi boʻlganlarga qoidangni ayt:

Sendan qochgan yutqizadi, senga yuzlangan yutadi..

Seni mening ichimga solgan va shu bilan yoʻlimni toʻgʻrilagan Allohga hamdu sano boʻlsin!

30.08.2025, Toshkent