Maktabda bitiruvchiman. Baholarim oʻrtacha. Texnikum kollejiga oʻqishga kirmoqchiman.
Shunda direktorimiz Saida opa: "Sen oʻqishni tortib ketadigan bolasan" - deb, majburlab litseyga topshirtirgandilar.
Men ichimda: "Litseyga kuchlilar kiradi. Men uncha zoʻr oʻqimaymanku, meni yaxshi tanimay xulosa qildilar shekilli?" degandim.
Litseyga kirdim. Qolgan oʻquvchilarni kuzatib, "men ham jaa ahmoq emas ekanman, toʻgʻri aytibdilar", degan fikr kelgandi.
———
Ikkinchi voqea:
Litseyda ikkinchi kursman. Viktorina tadbiri boʻldi. Ustozim Mavluda opa menga savol-javobga chiqishimni tavsiya qildilar.
"Sening dunyoqarashing keng. Chiq. Yutasan" — degandilar. Men boʻlsa yana oʻzimga ishonmay:
"Bir ikki darsda javob berganimga, dunyoqarashimni keng deb oʻylab qolibdilar", deb oʻylagandim.
Haqiqatan, men bilgan savollar tushgandi. Chiqmaganimdan afsus qilgandim.
———
Uchinchi voqea:
Abituriyentman. Oʻqishga hujjat topshirish vaqti. Men eng bali past joylarni izlayapman.
Shunda ona tili ustozim — Shoxruh aka Yuridik universitetiga topshirishni bir necha bor tavsiya qilib:
"Topshiring, aniq kirasiz", degandilar.
Menda yana oʻsha fikrlar — ustoz adashyaptilar. Meni yaxshi bilmaydilar..
Oʻsha yili men 180,3 bilan oʻqishga kirgandim. Yuridik Universiteti 160 boʻlgandi, adashmasam..
———
Nega biz oʻzimizga ishonmaymiz? Keyin bildim..
Bu fanda — "firibgarlik sindromi" (impostor syndrome) deb atalarkan:
Bu odam oʻz yutuqlariga ishonmay, oʻzini bunga loyiq emasdek his qilishi.
U: “Omadim keldi xolos” yoki “Boshqalar meni haddan tashqari yuqori baholashyapti” deb oʻylaydi.
Goʻyoki bir kun kelib barchasi fosh boʻlib, "U hech narsaga yaramas ekan!" degan fikr paydo boʻlishidan qoʻrqadi.
Aslida esa unday emas, u haqiqatan loyiq boʻladi.
———
Qissadan hissa?
1. Sizni uzoq vaqtdan beri tanigan oʻqituvchilar sizga bergan baho katta ehtimol bilan rost boʻlishi mumkin. Ularga ishoning;
2. Sizda firibgarlik sindromi kuzatilayotgan boʻlsa, Chat-GPT amaqi bilan gaplashib yechim toping;
3. Postni ulashib qoʻyishni unutmang ;)