Omma oldida chiqish qilib turaman. Koʻp marta yangi guruh oʻquvchilariga dars oʻtishimga toʻgʻri kelgan.

Videolarga tushaman. Qolaversa, odatda tajribasi meni yoshimdanda katta boʻlgan ustozlarga trening oʻtishimga toʻgʻri keladi.

Hayajonlanish boʻladi, albatta. 2 daqiqa. Darrov hayajon yoʻqoladi.

Keyin esa doʻstimga gapirgandek dars oʻtib ketaveraman.

Kel, qadrdonim, senga oʻzimning omma oldidagi qoʻrquvimni yengish uslublarimni oʻrgataman:

1. Qoʻrquv sababi – mavhumlik. Seni nima kutayotganini, darsing qanday oʻtishini bilmasang, hayajonga tushasan. Davosi – tayyorgarlik. Darsingni ipidan ignasigacha rejalashtirib ol. Mabodo “bu ishlamay qolsa, buni ishlataman” degan tarzda «b» rejani ham tuzib qoʻysang, yanada yaxshi boʻladi.

2. “Odamlar qanday qabul qilarkin?”, “Sharmanda boʻlmasmikanman?” – degan vahimalar paydo boʻlsa, oʻzingga eslat: baribir 100 yildan keyin hamma chirib yoʻq boʻlib ketadi. Sen ham. Odamlar ham.

3. Auditoriya oʻta tajribali boʻlsa, shuni oʻyla – hattoki biror barg ham Allohning iznisiz tushmaydi. Alloh seni aynan shu yerda gapirishingni taqdir qilgan. Demak, ular bilmaydigan nimanidir sen bilasan.

4. Qoʻrquv, hayajon, stress – rivojlanayotganingni bildiradi. Foydalanib qol. Bu katta neʼmat. Keyin xohlasang ham bu tuygʻularni topolmaysan.

5. Imkon boʻlsa, darsingni birinchi katta auditoriyada emas, kichikroq tanishlar oldida oʻtkazib sinab ol. Qayerida boʻshliq boʻlsa, toʻldirib ol.

6. Agar tomoshabinlar juda aqlli boʻlib tuyulayotgan boʻlsa – faqat tuyulyapti. Biz bandalar hammamiz johilmiz.

7. “Men gapiradigan mavzuni ular allaqachon bilishsachi?” degan qoʻrquv boʻlsa, eslab qol – bilim berishdan tashqari, eslatma berish ham katta xizmat.

Shunda ham hayajoning bosilmasa senga ritorik savolim bor:

Nega qalangʻi-qasangʻi betayinlar, ochiq-sochiq kiyimlarda omma oldiga chiqishga uyalmaydi, sen esa yaxshilik tarqataman deb xijolat chekishing kerak?

Ishlaringga omad!