“Tilingni sugʻurib olaymi?”,
“Chakaging oʻchsin!”...
Ehtimol, baʼzi oʻquvchilar ogʻzidan chiqayotgan “bodi-shodi” larga nisbatan oʻstozlar koʻnglidan oʻtadigan birinchi reaktsiya shunday boʻlar.
Biroq buning uchun oliygoh tugatish, pedagog diplomini olish shart emas.
Ustoz yondashuvi pedagogika va psixologiyadan mutlaqo bexabar odamlardan farqli boʻlishi kerakmasmi?
Baʼzi tajribali ustozlarning yondashuvlari:
1. “Dong qotish yoki xafaxonlik uslubidagi yondashuv”.
Haqoratli soʻzlarni eshitib qolgach, koʻzlarni chaqchaytirib, yuzni burishtirib, bor shakl-shamoyil bilan hayratni, nafas qisilib qolgandek ogʻriqli qiyofani namoyon etish (“Nahotki, yana”, “Quloqlarimga ishonmayapman”, “Oʻzim koʻrmasam, oʻlay agar, ishonmasdim” va h.).
Baʼzi ustozlar hayratga qoʻshib, xafalikni namoyon etishni maʼqul koʻradi:
- “Iye, bu yogʻi chakki boʻldi-yu”;
- “Hurmat qilishimga arziysan, deb oʻylardim, vaziyat bunday ekan-ku”;
- “Mayli, sen aslida bunaqa ekaningni eslab qolaman”;
- “Sen haqingda yoqimli narsalarni eslashni xohlardim, nachora bunaqa tomonlarni ham eslab qolarkanmiz-da”.
2. “Kinoya va qochirimga asoslangan yondashuv”.
Nafaqat soʻz, balki faol ishora bilan bola haddidan oshganini bildirish zarur.
Baʼzi ustozlardan “layfxak”:
- “Maktabga uydan yostigʻing yoki eski kovushingni olib kelmaysan-ku, bu soʻzlarni ham tashlab kel”,
- “Bunday iflos soʻzlar bilan oʻzingni kir qilasan, deb oʻylamagandim, nazarimda sen toza inson eding”,
- “Eʼtibor bersang, “soʻkish” ham haqorat, ham qandaydir bus-butun narsaning chokidan yirtilishini anglatadi. Balki shuning oʻzi ham ogʻizdan chiqayotgan soʻkinish seni boshqalar bilan bogʻlab turgan rishtalarni kesishini anglatar”;
- “Qanday chiroyli va aqlli soʻzlar, bakli ota-onalar majlisiga seni taklif etarmiz, shu yerda ushbu soʻzlarni koʻpchilik bilan baham koʻrarsan”.
3. “Ruxsat berilgan narsa unchalik qiziqmas degan printsipga asoslangan yondashuv”.
Bunda ustoz oʻquvchiga aytib yurgan haqoratli soʻzlarini tadqiq qilib, koʻrishni taklif etadi.
Soʻzning kelib chiqishi, maʼno-mazmuni, tarkibiy tuzilishi tahlil qilib koʻrilgach, uning asl maʼnosi, jamiyatda unga beriladigan bahoning sababi bola uchun ancha oydinlashib qoladi.
Tushunarli narsa oʻz navbatida hammaning eʼtiborini tortadigan, aytib maqtanadigan antiqa voqelik boʻlmay qoladi. Psixika faoliyati qonuniyatlariga koʻra esa bunday masalalar qiziqish uygʻotmay qoʻyadi.
4. “Sinonimlar lugʻatidan foydalanishga asoslangan yondashuv”.
Avvaldan odatda bolalar davrasida uchraydigan haqoratli soʻzlarning madaniyatli variantlaridan iborat shpargalka-lugʻat tayyorlab qoʻyiladi.
Yomon soʻzni ishlatganda oʻquvchiga ushbu madaniyatli soʻzlar lugʻatidan mos sinonimni topish buyurilib, uni eslab qolish va keyingi safar oʻxshash vaziyatlarda roʻyxatdagi soʻzlardan foydalanish tavsiya etiladi.
Tajribali ustozlar faoliyatini tahlil qilarkanmiz:
- ular orasida birov haqorali soʻzlar uchun jarimalar joriy etadi (yigʻilgan pulni sinf harajatlariga ishlatish sharti bilan, albatta);
- kimdir darsdan keyin olib qolib, oʻsha haqoratli soʻzlarni koʻp marta yozdirib chiqish bilan jazolaydi (shu tariqa toʻydirib yuborishni koʻzlasa kerak);
- yana baʼzilar “Bu gapni xojatxonada aytasan, bu yerda emas” kabilida keskinlikka boradi.
Ochigʻi qaysi usul samarali ekanini oldindan aytish qiyin.
Koʻp narsa vaziyatga, oʻqituvchi individualligiga, bolalar bilan shakllangan munosabatiga bogʻliq boʻladi.
Har qalay bir narsa aniq — soʻkongʻichga pedagog eʼtiborsiz qolmasligi kerak, dong qotadimi, yuzini burishtiradimi, kinoya qiladimi, muhimi, reaktsiya koʻrsatsin, befarq boʻlmasin.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)