Oʻquvchilar oʻrtasidagi nizoni bartaraf etishda oʻqituvchi vositachi boʻlishi mumkin.

Vositachi hakam yoki qozi emas:

Bularning vazifasi kim haq, kim nohaqligini aniqlab berish.

Vositachi esa nizodagi taraflarni qandaydir umumiy nuqtada yaqinlashtirish orqali ziddiyatdan imkon qadar betalofat chiqishni osonlashtirishni koʻzlaydi.

Oʻqituvchi bu vaziyatda hech bir tarafning pozitsiyasini qoʻllab quvvatlamaydi, hech bir ishtirokchini oʻz qarashidan voz kechishga chaqirmaydi.

Uning vositachilik vazifasi – uchinchi xil pozitsiyani, yaʼni ikkala tomonning ham manfaatlari yetarli hisobga olinadigan yangicha yondashuvni topish mumkinligini koʻrsatish.

Oʻquvchilar oʻrtasidagi nizoda ustoz vositachiligi metodikasi 4 qadamdan tashkil topadi:

1. Tomonlar gaplashib olishini tashkil etish:

Uchrashuv barcha oʻzing fikrini toʻliq bildirishi uchun yetarlicha davom etadigan, hech narsa hatto nogohon chalgʻitmaydigan joyda va paytda uyushtirilishi lozim.

2. Oʻzaro suhbatga yoʻnalish berish:

Kirish soʻzida odamlar oʻrtasida baʼzida ziddiyatlar boʻlishi tabiiy ekani, bu uchrashuvdan maqsad esa nizoni toʻgʻri hal qilishga oʻrganish ekanini taʼkidlash oʻrinli hisoblanadi.

3. Koʻngilni boʻshatish:

Hammaga oʻz fikr-mulohazasini aytib olishga imkoni beriladi.

Bu oʻqituvchiga muammo mohiyatini tushunishga yordam beradi, tomonlar koʻnglini boʻshatib oladi, biroz boʻlsa-da tinadi.

Faqat oʻqituvchi birovning shaxsiyatiga tegmaslik, iloji boricha hurmat saqlab gapirish muhimligini eslatadi.

4. Kelishuv:

Oʻzaro ahdlashuv tuzib olishni taklif qilish. Ikki tomon oʻz variantini tayyorlaydi, qarama-qarshi tomondan nima kutishi, oʻzi nimalar qilishi mumkinligini yozadilar.

Soʻngra ikki ahdnoma oʻrtada muhokama etiladi va ular asosida bitta umumiy matn chiqariladi.

Uni oʻquvchilar doim koʻrib turadigan biror joyga oʻrnatib qoʻyish foydadan holi boʻlmaydi.

Nizoli vaziyatda oʻqituvchi vositachiligi samarali kechishi uchun:

- oʻrtada dialog tinmasligini taʼminlash, agar tomonlar jim boʻlib qolishsa, oʻrtada savol tashlab yoki oxirgi boʻlib gapirgan oʻquvchining fikrini biroz boshqa shaklda (“Demak, shunday fikr boʻlayaptiki...”) bildirib jarayonni jonlantirib turish;

- fikr-mulohazalarni pozitiv ruhga yoʻnaltirish (“Shu uchrashuvimizning oʻzi katta gap”, “Bir birini tinglashga kuch topa olganlar, yechimni ham topishga qodir boʻladi” kabilidagi mulohazalar bilan).

Pedagog kasbi boshdan oyoq kuyunchaklikka qurilgan. Bolalarning hayoti-yu xayoli, yurish turishi-yu munosabatlari zarracha qiziqish uygʻotmasa, kasb tanlashda oʻqituvchilikni bemalol roʻyxatdan oʻchirib qoʻyaversa boʻladi.

Qolganlar bemalol, oʻquvchilarga madaniyatli odamlar nizoni qanday hal qilishini koʻrsatib qoʻyishga tayyor turavering.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)