Tarixdan maʼlumki, 455 yilda Rimni vayron etib, koʻplab moddiy boyliklarni talon-toroj qilgan german qabilalaridan birining nomi “vandallar” boʻlgan.

Oʻshadan buyon moddiy-maʼnaviy madaniyat namunalariga ziyon yetkazish, ularni barbod etish vandalizm, deb atala boshlagan.

Maktab jihozlariga nisbatan vandalizm muammosining oʻta muhim jihati shuki, vandal faolligi bilan ajralib turuvchi 50 % dan ortiq oʻquvchilar keyinchalik delikvent (jinoiy) xulq-atvorni namoyon etadilar.

Tadqiqotlar natijalariga asoslanib oʻqituvchi uchun vandalizmga moyil oʻquvchining psixologik portretini chizib berish mumkin:

Bu oʻquvchi odatda umumiy intellekt darajasi boʻyicha boshqa oʻquvchilardan qolishmaydi, ammo oʻzlashtirish koʻrsatkichlari quyi darajada, guruhdagi ijtimoiy mavqei past boʻladi, nosogʻlom oilaviy muhitda voyaga yetadi, ijtimoiy munosabatlarga kirish uquvi yetishmaydi.

Qolaversa, bunday oʻquvchilarga asab tizimi barqarorligining pastligi, jismoniy va psixologik charchoq holatida adekvat (vaziyatga muvofiq) harakat qilishga qodir emaslik, kuchli salbiy emotsiyalarni his etishga moyillik, shaxsiy psixologik makon chegaralarini yaxshi anglamaslik xos boʻladi.

Umumiy ravishda, yoshlarning vandal harakatlari asosida yoki shaxsiy omil (nimanidir qoʻlga kiritish, shaxsiy maqsadlarga erishish, bilishga boʻlgan qiziqishni qondirish, oʻzining imkoniyatlarini namoyon etish, hukmronlikni qoʻlga kiritishga harakat qilish), yoki muhit omili (muayyan guruhga mansublik, oʻzi uchun qulay sharoit yaratishga intilish, zerikish hissidan qutilishga urinish) bilan bogʻliq sabablarni qayd etish mumkin.

Mutaxassislar oʻquvchilar oʻrtasida vandalizm profilaktikasi boʻyicha quyidagi yoʻnalishlarda ish olib borish kerakligini tavsiya etadilar:

1) oʻquvchilarda inson mehnati bilan yaratilgan narsa-buyumlarga hurmatni shakllantirish;

2) oʻquvchilarning boʻsh vaqtini unumli tashkil etish;

3) oila va sinf muhitida nizoli vaziyatlarni bartaraf etish;

4) ichkilikbozlik va giyohvandlik profilaktikasini amalga oshirish;

5) maktab buyumlarini asrashning ahamiyati yuzasidan targʻibot-tashviqot olib borish;

6) koʻpincha ziyon yetkaziladigan maktab buyumlariga oʻquvchilar yetishi, ularga ziyon keltirishiga toʻsqinlik qiladigan himoya vositalarini oʻrnatish, buyumlarni mustahkamlash;

7) maktab buyumlari vandalizmi profilaktikasiga ota-onalari va oʻquvchilarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlarini jalb etish

Sinf va maktab jihozlari, bino-inshootlar, asbob-uskunalarga atayin ziyon yetkazuvchi oʻquvchini umuman uchratmagan oʻqituvchi oʻta noyob shaxs boʻlib, yoki bir kun ham pedagogik faoliyat bilan shugʻullanmagan, yoki butun faoliyati davomida faqat farishtasifat bolalar bilan ishlagan insondir.

Umid qilamiz, bu kam sonli baxtli hamkasblardan tashqari boshqa barchaga mazkur post manfaatli boʻladi.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)