Munosabatga kirishgan taraflar oʻz maqsadiga ikkinchi tomon vositasida erishmoqchi boʻlsa — manipulyatsiyaga qoʻl uradi.

Manipulyator tuzogʻini nimadan sezamiz? Deylik qandaydir harakatni amalga oshirasiz.

Ammo uni shaxsan oʻzingiz na xohlamagangiz, na reja qilmagansiz, balki aslida bu ish sizga ziyon hamdir.

Shunga qaramay kimningdir “sizdan boshqasi eplay olmaydi-da...”, “nahotki, shunchalar berahm boʻlsangiz...”, “aslida faqat menga shunaqa qilasiz...”, “har doim iltimosim yerda qolgan...”, kabilidagi murojaatlari taʼsirida yon bosish, kechib yuborish, imtiyozlar berish, himoya qilishga tayyor boʻlsangiz, katta ehtimol bilan manipulyator tuzogʻiga ilingansiz.

Oʻquvchilar oʻqituvchiga manipulyativ taʼsirni har doim ham ongli tarzda amalga oshirmasligi mumkin.

Lekin oʻquvchi manipulyatsiyasi ortida odatda oʻqishga motivatsiya pastligi, qiyinchilik va masʼuliyatdan qochish, tizim va avtoritetlarga qarshi isyon, tarbiyadagi kemtiklar turadi.

Oʻquvchilar manipulyatsiyasi koʻpincha quyidagilarda namoyon boʻladi:

- topshiriqlarni goʻyoki qiyinligi sababli almashtirish, bajarish muddatlarini uzaytirish haqidagi murojaatlar;

- oʻquv yuklamasi juda koʻpligi, vaqt yetmasligi, maktabdan tashqari qandaydir faollik bilan shugʻullanish haqidagi arznomalar;

- chalgʻituvchi texnikalarni qoʻllab, mavzuga va fanga aloqasi boʻlmagan masalalarni muhokamaga olib chiqish.

Albatta, bu harakatlar bir-ikki bor kuzatilsa, vahimaga oʻrin yoʻq, ehtimol, oʻquvchi haqiqatdan charchagan, ilojsiz qolgan boʻlishi mumkin.

Ammo bu holat doimiy takrorlansa, darhol zaruriy choralarni koʻrish kerak.

- oʻquvchi murojaatini eʼtirof qilish (ishonch, qiziq taklif uchun minnatdorchilik bildirish);

- murojaatchi holatini tushunayotganlikni ifodalash (achinish izhor qilish, uning hamma fikrlari tushunarli ekanini taʼkidlash);

- shaxsiy pozitsiyani aniqlashtirish (shunchaki, “xohlamayman” bilan cheklanmay raddiyaning sababini keltirish);

- oʻrtadagi chegarani aniq belgilab olish (raddiyani aniq-tiniq aytish, “buning iloji yoʻgʻov”, “chamasi buni qila olmayman”, “oʻylab koʻrilsa, balki oʻxshab qolar” tarzidagi javoblardan qochish);

- murojaatchiga javobni ozgina pauza saqlab qaytarish (avtomatik rozilik berib yuborish havfidan saqlanish);

- ortiqcha uzur-maʼzur qilmaslik, qaddi-qomatni tutib, dadil ovoz bilan javob qaytarish (aybdorlik hissi uygʻonishidan ehtiyot boʻlish;

- murojaatchi shartlariga koʻnish oʻziga manfaatsiz ekanini taʼkidlash (masalan, vazifani yengillashtirish imtihondagi boʻladigan qiyin savollarga tayyorgarlik qilish imkonini cheklashiga urgʻu berish).

Asosiysi, bolalar ehtiyojlaridan kelib chiqib yangicha yondashuvlarga va moslashishga tayyor boʻlish, ammo ayni vaqtda shaxsiy qoidalar va qadriyatlarni mahkam tutish zarur.

Axir unutmaylik, oʻquvchida bitta tashvish bor – oʻqituvchining zaif tomonini qidirish! Qachonki topsa, gʻalaba uning tomonidadir!!!

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)