Uch yil avval hamkasblar bilan futbol oʻynardik.
Yoshim kattaroq boʻlgani uchun jamoa sardori edim.
Anvar ismli hamkasbimiz darvozabonimiz edi.
Uning oʻyinidan rosa asabim buzilardi.
Oddiy toʻplarni ham ushlolmay, gol oʻtkazib yuborardi.
Odatda aynan uning xatolari tufayli yutqazardik.
Jamoadan chiqaray desam, boshqa darvozabon yoʻq. Oʻsha paytlari sabrim juda sinovdan oʻtgan edi.
Bir kuni bir hamkasbim aytib qoldi:
— Mohir aka, tushunaman, Anvar oddiy toʻplarni ham oʻtkazib yuboradi. Lekin sizning jahlingiz chiqayotgani biroz adolatsizlik.
— Nega? — deb soʻradim hayrat bilan.
— Sababi, u -3 koʻzoynak taqadi-ku! Toʻpni yaxshi koʻrmaydi. Shuning uchun oddiy vaziyatlarda ham xato qiladi.
Miyam portlab ketgandek boʻldi.
Haqiqatan ham, men bu haqda umuman oʻylab koʻrmagan ekanman.
Hatto eʼtibor ham bermabman.
Gap bu yoqda ekan-da!
Shu kundan boshlab Anvarning xatolarini ancha xotirjam qabul qila boshladim.
Oʻshanda bir haqiqatni tushundim:
Agar salbiy harakatning sababini tushunsangiz, uni qabul qilish ancha osonlashar ekan.
Bu ayniqsa maktabda juda asqatadi.
Masalan:
Bola darsda uxlab oʻtiribdimi?
Sababini izlayman.
Javob chiqadi:
— Kechasi uxlamagan.
— Nega uxlamagan?
— Telefon oʻynagan.
— Nega telefon oʻynagan?
— Chunki doʻstlari oʻsha yerda.
— Nega doʻstlarisiz yashay olmaydi?
— Chunki u bilan suhbatlashadigan boshqa odam yoʻq.
Zanjir davom etadi, xulosa esa aniq:
Odatda muammo bolaning oʻzida emas, balki uni oʻrab turgan tashqi omillarda boʻladi.
Buni bilish esa oʻquvchini tushunishni ancha osonlashtiradi.
Xulosa?
Sababini oʻrganing, qabul qilish osonlashadi.
Xalqa kitobida ham aytilganku:
"Yaqindan tanishsang, ajdar ham vahshiy emasligini tushunasan."
P.S. Sababini bilish shunchaki ichki xotirjamlik uchun emas. Muammoning ildizini topib, unga qarshi kurashish uchun ham kerak.