Kecha Charktau degan choʻqqiga hiking qildik.

Aytganimdek, eng qiyin choʻqqi boʻldi. Bu yil birinchi chiqqan biz boʻlibmiz.

Hammasi yetib bormasimizdan boshlandi. Choʻqqiga yaqinlashish yoʻli tikka balandlik ekan.

Abdurazzoqning mashinasida balandlikdan tushdik. 3 martacha mashinaning tagi yerga urildi. Balandlikka chiqishda esa mashinani itarib chiqishimizga toʻgʻri keldi.

Bu ketishda choʻqqiga yaqinlasha olmaymiz deb mashinani uzoqda qoldirdik va yoʻlga chiqdik. Baxtimizga, katta mashinada bir otaxon yoʻldan bizni ovolib, choʻqqiga yaqinroq joyga tashlab oʻtdi.

Amallab togʻga yetib keldik. Bizda tayyor xarita yoʻqligi sabab choʻqqiga chiqishda notoʻgʻri yoʻl tanlab qoʻydik. Keyin esa 1 ta qoʻshimcha togʻdan oʻtish va 5 soat vaqt bilan toʻlovini toʻladik...

Xullas, kunduzgi 12 da yetib borishimiz kerak boʻlgan choʻqqiga 5 da yetib bordik. Choʻqqiga yaqin joyda bir choʻpon otaxon bilan tanishdik. U bizga qaytish yoʻlini tushuntirib berdi.

Shu bilan choʻqqidan zavqlanib, qaytish yoʻliga otlandik. Choʻpon tushuntirgan yoʻlni tahmin qilib yoʻlga tushdik.

Qaytish yoʻli chiqishdan koʻra 3 barobar qiyinroq boʻldi. Tikka balandlikdan tushish, oldin odamlar yurmagan yoʻllarni ochish, tepalikdan toshlar dumalab tushish xavfi — qiynadi.

Eng ogʻiri, tezda qorongʻu tushib qoldi. Ustiga ustak, biz yana notoʻgʻri yoʻldan tushganimizni tushunib qoldik. Yoʻlimizning oxiri jarlik edi. Yoʻlda yana adashdik.

Holatimizni tasavvur qiling — 12 soatlardan beri yoʻldamiz, qorongʻu tushgan, telefonlarimiz oʻchyapti, antena yoʻq, tikka balandlikdan 2 soat tushdik, endi esa yoʻl yana xato. 🤦‍♂️

Shu holatda choʻqqiga yana qaytib chiqishimiz va haligi otaxonni topib, boshqa yoʻlni aniqlashimiz kerak.

2 soatda haligi tushgan tikka balandligimizdan qorongʻuda fonarlar yoqib, qaytib chiqdik.

Soat kechgi 23:30 lar edi chamasi. Otaxonni topdik. Bizga chaylasida yotib qolishni va kun yorishganda yoʻlga chiqishni tavsiya berdi. Rosa mehmondoʻst ekan — dasturxon yozib, hashamatli stol tayyorladi. (Qora choy, novvot va qotgan non). Bizga haqiqatan, eng qimmat restoran xizmatidek tuyuldi oʻsha vaqt. 😅

Keyin esa ikki kishi yotadigan joyga koʻrpacha solgan edi, qayerdandir 9 kishi sigʻib qoldik ichiga)

Xullas, bomdodda yana yoʻlga chiqdik. Yana adashishlar bilan zoʻrgʻa 4-5 soatda choʻqqidan tushib oldik. Mashinalarni uzoqroqda qoldirib kelganimiz sababli, mashinagacha Niva gaplashishga majbur boʻldik. Ikkita niva keldi. Yoʻlda esa biri buzilib qoldi. Ikkinchi niva bolalarni tashlab, qaytib kelib keyin bizni olib ketdi.

Shu bilan hiking ham tugadi, biz ham...

3 ta hiking kuchini ishlatdik menimcha. Juda qiziq boʻldi menga. Ruhiy, psixologik, xarakter jihatdan aql bovar qilmas darajada yuksaldim. Paradoks — oʻzimga ishonchim oshdi, bir vaqtda ojizligimni ham tushunib oldim. Judayam qulay hayotda yashayotganimizni his qildim.

Bizda yangiliklar shu hozircha. Yoz oʻtmoqda soz dermidi...