"Bolam hech aytganimni qilmaydi", "uy ishlarida umuman yordam bermaydi", — tanishimiz soʻz boshladi.

Shu kabi shikoyatlarga juda koʻp duch kelaman:

• Oʻquvchilar meni hurmat qilmaydi;

• Gapimga kirmaydi;

• Aytganimni qilmaydi.

Sabablari koʻp. Lekin men uchratgan holatlarning koʻpchiligida asosiy sabab bitta boʻladi.

Hikoyadan keyin tushuntiraman.

Ezopning “Gʻoz va tilla tuxum” hikoyasi bor:

Dehqonning har kuni bittadan tilla tuxum qoʻyuvchi gʻozi boʻladi. Dehqon tilla tuxum olishga qiziqib ketib, gʻozga eʼtibor berishni unutadi. Oxiri gʻoz nobud boʻladi va dehqon tilla tuxumsiz qoladi.

Bu hikoyada gʻoz — asosiy manba, tilla tuxum esa — shu manbadan chiqadigan natijalar. Agar gʻozga qaramasangiz, tilla tuxum ham yoʻq boʻladi.

Mavzuga qaytadigan boʻlsak, men uchratgan koʻp holatlarda ota-onalar yoki oʻqituvchilar gʻozni parvarish qilmasdan, yaʼni bolaning ruhiyati, tarbiyasi, qadriyatlari va hissiy intellektiga eʼtibor bermasdan, faqat “natija” — tilla tuxum olishga intiladi.

Toʻgʻri, ota-onalar farzandining ovqati, kiyimi, ust-boshiga eʼtibor qaratadi.

Ammo eng asosiy — maʼnaviy va hissiy ozuqasi koʻpincha yoddan chiqadi.

Bu bilan bola gʻoz kabi nobud boʻladi. Maʼnaviy nobud boʻladi..

Keyin esa: “Nega tilla tuxum qoʻymayapti?” deb nolib yuramiz.

Nafaqat tarbiyada, balki boshqa sohalarda ham “Gʻoz va tilla tuxum” qoidasini unutmang:

Oʻqituvchilarga eslatma: Bolalarni jim ushlash uchun qoʻrquvdan foydalanib “tilla tuxum” olishingiz mumkin. Ammo uzoq muddatda ulardan ayrilasiz.

Maktab rahbarlariga: Oʻqituvchilarni qattiq ishlatib, “tilla tuxum” topishingiz mumkin. Ammo keyin yaxshi ustozlar ketib qolishi mumkin.

Ishchilarga eslatma: Tilla tuxumga qiziqib sogʻligʻingizdan voz kechishingiz mumkin. Ammo sogʻligʻingizni yoʻqotsangiz, keyin umuman daromad topolmaysiz.

Blogerlarga: Kanalingizdan daromad olish muhim, ammo kanalning oʻziga ham pul tikishni unutmang.

Qissadan hissa:

Tilla tuxum istasangiz — gʻozga eʼtibor bering!