Tuyaqush effekti (ostrich effect) degan psixologik tushuncha bor. Bu — insonlar oʻzlari uchun yoqimsiz, noqulay, havotirli maʼlumotlardan ongli ravishda yuz oʻgirishi holatiga aytiladi.
Dehqonchasiga aytganda:
Tuyaqush effekti — bu muammolarni koʻrmaslikka olish, muammo haqida bilmaslikka intilish holati.
Nomlanishining sababi shundaki, goʻyoki tuyaqush xavf-xatarni sezganda boshini qumga tiqib qochadi.
Ilmiy jihatdan tuyaqush bunday qilmaydi, lekin bu tushuncha metafora sifatida ishlatib kelinadi.
Bu effekt koʻproq tadbirkorlarda uchraydi:
Ishi orqaga ketyotganini sezsa-da, tekshirmaydi. Chunki muammolar haqida oʻylash yoqimsiz tuygʻu beradi.
Kredit olgan inson bankdan qarzini tekshirishni istamaydi — yuragi siqiladi.
Salomatlikda ham misollar bor:
Biror joyimiz ogʻriganda — tishimizga kariyez tushsa — esdan chiqarishga harakat qilamiz. Muammoni eslashni xohlamaymiz.
Yoqimsiz muammodan qochib, yana oʻta yoqimsiz muammoga yoʻliqamiz..
Endi esa oʻqituvchilar misolida koʻrib chiqamiz.
Eʼtibor bersak, koʻp holatlarda muammoni koʻrib turib, boshimizni qumga tiqib olamiz:
• Darsga qiziqmaydigan;
• Darsdan qochadigan;
• Mavzuni tushunmayotgan oʻquvchilar bilan ishlashni xohlamaymiz.
Nafsimizga yoqmaydi. Oʻzimizni koʻrmaganga olamiz.
Bizga faqat galstuk taqqan, aʼlochi, itoatkor oʻquvchi boʻlsa bas. Aʼlochilar ichiga kirib olib, komfort zonamizda yuraveramiz.
Aslida-chi?
• Aynan qiyin suhbatlar oʻz ustimizda ishlashimizga undamasmidi?
• Aynan qiyin suhbatlar bizni bolalarga yaqinlashtirmasmidi?
• Aynan ogʻriqlar bizni shaxs sifatida shakllantirmasmidi?
Savollar ritorik...
Xullas, nima demoqchiman?
Muammodan qochmang. Unga yuzlaning!
Mukofoti qanday?
Qiyin suhbatlar → muammolarni koʻrish → osmondan yerga tushish → kamtarlik → oʻz ustida ishlash → rivojlanish → boshqa ustozlardan ozgina ajralib turish → eʼtiborga tushish → yaxshi ish taklifi → qulay muhitda ishlash → boʻsh vaqt → moliyaviy erkinlik → boshqalardan karrasiga oʻtib ketish → To Be Continued...
Qissadan hissa:
“The wound is the place where the Light enters you.”
Yaralangan joying — Nur sening ichingga kiradigan joydir.
— Jaloliddin Rumiy