Yaqin inson oʻlimi bilan bogʻliq ruhiy kechinmalar kattalarga nisbatan bolalarda uzoq davom etmaydi.

Ammo turli hayotiy vaziyatlar tezda bitgan “yarani” osongina yangilashi mumkin. Masalan, bogʻcha yoki maktabdagi biror bayram tadbiriga barchaning onasi kelganda, onasi vafot etgan bolaning ruhiy yarasi yangilanishi hech gap emas.

Shu sababli bunday bolalar bilan ishlayotgan ustoz-murabbiylardan alohida hushyorlik, psixologik ziyraklik talab qilinadi.

Yaqin insoni vafot etgan bola bilan ishlashda quyidagi maslahatlarni berishimiz mumkin:

1)bola maktabga kelgach, oʻqituvchi uning hayotidagi fojiadan xabardor ekanini bildirib, shu tariqa, bolaga befarq emasligini koʻrsatishi kerak;

2)bolaning boshqa bolalar tomonidan mazah qilinmasligi, ular bolaga tegajonlik qilmasligiga alohida eʼtiborli boʻlish zarur;

3)bola uchun maktabda xohlaganda yolgʻiz qolish va yigʻlab olish uchun joy boʻlishi, unga katta bolalardan biri (iloji boricha oʻz boshidan shunday fojiani oʻtkazgan bolalardan biri) ni biriktirib qoʻyish maqsadga muvofiq;

4)bola bilan imkoniyat boʻlgan paytda, undan savollar berilganda oʻlim haqida gaplashish mumkin (bola oʻqituvchi bilan har qaysi oʻzini qiynayotgan mavzuda erkin suhbatlashishi mumkinligini koʻrishi kerak);

5)bolaning agressiv, parishonxotir, yakkalanuvchan xulq-atvoriga sabrli munosabatda boʻlish, hayronlikni namoyish etmaslik lozim;

6)bola bilan muloqotda jismoniy kontaktdan unumli foydalanish, javob berishda samimiy boʻlish, vafot etgan yaqin inson, uning yaxshi koʻrgan narsalari haqida gapirishga undash, “Vaqt oʻtib hammasini unutasan”, “Hammasi yaxshi boʻlib ketadi” kabi gaplarni gapirmaslik lozim;

7)bolaga yigʻlash uyat emasligini koʻrsatish (bola bilan muloqotda koʻz yosh kelsa, uni tutib turmaslik, yashirmaslik) kerak, taʼsirchan voqea aytib berish, vafot etgan odam qanday vaziyatlarda odatda yuziga tabassum kelganini eslab koʻrish, rasm darslarida qandaydir quvonchli voqealarni tasvirlashni taklif etish oʻrinli;

8)bolaning yolgʻiz qolgan yaqin insoni bilan aloqada boʻlib turish kerak (bola oʻqituvchi hamda oilasining oʻrtasidagi aloqani his etsa, u oʻzini yanada xavfsizroq sezadi);

9)bola uchun ogʻriqli kunlar (bayramlar, turli tadbirlar oʻtkaziladigan kunlar) da unga alohida eʼtibor berish zarur (masalan, onasi vafot etgan bola bilan bayramlarda buvisiga sovgʻa tayyorlash mumkin).

Eng muhimi, bolani oʻrab turgan barcha kattalar ushbu asosiy qoidani unutmasligi shart: har qanday holatda ham bolaga uning yaxshi koʻrilishini, uning kerakligini namoyon etish, inson oʻlimini tabiiy hodisa sifatida qabul qilishga oʻrgatish lozim.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)