Kattalarning ish joyi, yashash manzili, umuman, hayotiy rejalari oʻzgarishi ularning farzandlari hayotiga taʼsir koʻrsatmasligining iloji yoʻq. Buning yorqin misoli bola muayyan sabablarga koʻra oʻqishni boshqa taʼlim muassasasida davom ettirishi holatidir.
Mutaxassislar fikricha, yangi oʻquvchining sinfga moslashishi taxminan 2-3 haftadan yarim yilgacha davom etishi mumkin. Shubhasiz, bunday oʻquvchilar, aniqrogʻi, ularni yangi oʻquv jamoasiga imkon qadar tezroq va “betalofatroq” kiritib yuborish ishi sinf rahbari oldidagi jiddiy sinov boʻlib gavdalanadi.
Bu vazifani samarali bajarish uchun psixologlar avvalo, oʻz sinfiga yangi oʻquvchini qabul qilayotgan sinf rahbariga uning oʻzi, ota-onasi va sinf bilan gaplashib olishni tavsiya etadilar:
1.Bola bilan gaplashganda sinf rahbari oʻzi haqida, sinf, maktab, bu yerda oʻrnatilgan eng muhim tartib-qoidalar toʻgʻrisida gapirib berishi lozim. Boladan sinfga uning hayotidan qanday maʼlumotlarni aytib berish mumkinligini soʻrash oʻrinli.
Bolani yangi sinfga oʻtish uning uchun qanday yangicha imkoniyatlar berishi mumkinligi haqida (masalan, “Seni bu yerda hali hech kim tanimaydi. Bu oʻzing haqingda yaxshi taassurot hosil qilishing uchun ajoyib imkoniyat” degan taʼkidlar bilan oʻylantirib qoʻyish foydali). Bolaga yordam kerak boʻlganda kimga qanday paytda murojaat qilish mumkinligini tushuntirib berish zarur.
2.Bolaning ota-onasi bilan gaplashganda uning avvalgi sinfdoshlari bilan munosabatlari qanday boʻlganini soʻrab koʻrish lozim (avvalgi maktabdagi barcha sinfdosh va pedagoglardan shikoyat qiluvchi ota-onani alohida eʼtiborga olib qoʻyish kerak).
Ota-onadan bolaning qiziqishlari haqida soʻrab bilish zarur.Ular bilan bolaning yangi maktabga moslashuvi davomida qanday hamkorlik qilish, bu jarayonni qanday tarzda birga nazorat qilib borish mumkinligi haqida kelishib olish maqsadga muvofiq.
3.Sinf bilan gaplashganda yaqinda yangi oʻquvchi kelishini, uning ismi, tarjimai holidagi ayrim qiziq maʼlumotlarni aytish mumkin. Sinf oʻquvchilarini yangi joyga har kim ham birdan moslashishi qiyin ekanligi, bunda atrofdagi odamlar yordami talab qilinishi mumkinligi haqida oʻylab koʻrishga undash lozim.
Yangi oʻquvchi sinfga qoʻshilgan birinchi oyda guruh rahbari tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirilishi tavsiya qilinadi (Chibisova M., 2012):
1) birinchi kun yangi oʻquvchiga imkon qadar bir necha sinfdoshni jalb etib, maktab boʻylab ekskursiya uyushtirish (katta sinflarda ekskursiyani boshlab, sinfdoshlarga uni davom ettirish imkonini berish mumkin);
2)sinfda oʻquvchilarning hamkorlikdagi faoliyatini uyushtirib, unga yangi oʻquvchini jalb etish (masalan, qandaydir tadbirga tayyorgarlik koʻrish jarayoniga qoʻshish);
3)yangi bola sinfda doʻstona munosabatlarni tez oʻrnata olmayotganidan shikoyat qilsa, odamlar oʻrtasida yaqin munosabat shakllanishi uchun vaqt kerakligini, boshqalardan yaxshi baho olish uchun qanday ishlar qilish mumkinligini taʼkidlash;
4)bola yangi sinfni avvalgi sinfdoshlari bilan solishtirib, ularni yuqoriroq baholasa, uning bunga haqli ekanini, yangi joyda koʻpincha dastlab hamma narsa noodatiy boʻlganidan noqulay boʻlishi va shu sababli yomon boʻlib koʻrinishini, lekin diqqat bilan qaralsa, bu yerda ham qandaydir yaxshi jihatlarni koʻrish mumkinligini aytish;
5)yangi oʻquvchi oʻz imkoniyatlarini yaxshi namoyon eta oladigan vaziyatni yaratish (masalan, yaxshi bilgan narsasini tushuntirib berishni soʻrash);
6)yangi oʻquvchining sinf bilan munosabatlarini diqqat bilan kuzatib borib, muntazam ravishda guruhga qoʻshilish qanday kechayotganini soʻrab turish;
7)yangi oʻquvchi qandaydir jihatlari (tashqi qiyofasi, biror jismoniy nuqsonlari, oʻzgacha shevada gapirishi va h.) bilan ajralib tursa, bolalar bilan hamkorlikdagi faoliyatini uyushtirish va uning ustun tomonlari yuzaga chiqadigan shart-sharoitlarni yaratishga harakat qilish.
Ayni vaqtda mutaxassislar yangi oʻquvchini sinfga, hatto, shunchaki uning kuchli tomonlariga eʼtibor qaratish istagida boʻlsa ham, namuna qilib koʻrsatmaslikni, shuningdek, unga sinfda qaysi bolalarga eʼtibor qaratish, qaysi biridan ehtiyot boʻlish kerakligi yuzasidan maslahatlar berishni tavsiya etmaydilar.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)