Bir necha yil oldin birinchi marta IELTS imtihoniga kirdim.
Hayajon va stress azobi qattiqligidan oʻzimga-oʻzim aytyapman:
Mohir, ingliz tili oʻqib balo bormidi? Maza qilib yursang oʻlasanmi? Kerakmi shuncha qiyinchilik senga?
Muhim imtihon topshirganlar imtihon stress azobi qanday boʻlishini yaxshi biladi.
Barbara Oukli opoqining kitoblarini oʻqib tushundimki — imtihon topshirishning ham oʻz sir-asrorlari bor ekan:
1. "Imtihonga bir kun qolganda oʻrganib olarman", qabilida ish tutmang. Oʻrgana olmaysiz. Sababi miya oʻrgangan maʼlumotini «hazm» qilishi uchun vaqt kerak.
2. Bir kun oldin materiallarga shunchaki koʻz yugurtirib chiqing. Miya muskullarini toliqtirib qoʻymang. Xuddi marafon yuguruvchisi bir kun oldin oyogʻiga yuklama bermaganidek, siz ham yengil takrorlab chiqing.
3. Imtihondan bir kun avval toʻyib uxlang. Uyqu miyangizdagi zaharli moddalarni chiqarib, xotira va diqqat yaxshi ishlashi uchun zamin yaratadi.
4. Qiyinidan osoniga sakrang. Dastlab qiyin testni yechishga harakat qiling. Qiynalsangiz darrov toʻxtatib osonlariga oʻting. Bu vaqtda miya avtomatik ravishda haligi qiyin testni yechishni boshlaydi. Imtihon oxirida esa qiyin testga qaytsangiz yechish osonlashadi. Batafsil bu postimda.
5. Qoʻrquvni yaxshilikka ishlating. Imtihon bosimida insonda kortizol gormoni ishlab, adrenalin beradi. Shu vaziyatda siz "men qoʻrqyapman, hammasi dabdala boʻldi", desangiz qoʻrquvingiz salbiy ishlaydi. Aksincha, "imtihon hayajoni meni xotiram va diqqatimni kuchaytiradi", deb talqin qilsangiz adrenalinni toʻgʻri ishlata olasiz.
6. Chuqur nafas oling. Kuchli hayajon boʻlsa qoʻlingizni qorningizga qoʻygan holda chuqur nafas oling. Qoʻlingiz koʻtarilsin, koʻkrak qafasingiz kengaysin. Shunda miyaga yetarli havo yetib borib, miya organizmga qarab "bratishkalar, menga yaxshi havo kelyapti, demak hammasi joyida, qoʻrqmanglar", deyishiga olib keladi.
7. Imtihonda miya savol ichiga chuqur kirib ketib, xato bajarilgan ishni toʻgʻri koʻrsatishga moyil boʻladi. Buni oldini olish uchun bir muddat koʻzingizni yumib oching, eʼtiboringizni boshqa narsaga qarating. Shunda umumiy manzarani qaytadan koʻra olasiz.
Postni imtihon topshiruvchi — oʻqituvchi va oʻquvchilar bilan ulashing.
Manfaatli boʻladi, inshaAlloh.