Yengil hazil, samimiy kulgu odamlarni bir biriga tez yaqinlashtirishi aniq. Oʻquvchi bilan yaqin doʻstona munosabat oʻrnatishni qaysi ustoz istamaydi?!

Pedagogning mohirona kinoyasi tajang vaziyatni yumshatishi, sinfda hissiy yengillik, muloqotga ochiqlik kayfiyatini kuchaytirishi orqali balki shu maqsadga erishtirishi mumkin.

Axir kinoya, oʻquvchiga nisbatan tanqidni qoʻpollashmay, sinfdagi muhitni taranglashtirmay amalga oshirish imkonini beradi.

Albatta, pedagogik jarayonda kinoyaning ustun tomonlaridan unumli foydalanish uchun ayrim muhim qoidalarni nazardan qochirmaslik talab qilinadi:

1. Kinoyaning psixologik va kommunikativ havflarini inobatga olish – oʻquvchining umumiy darajasi “kosa tagidagi nim kosa” ni tushunishga qodirligi, gapning maʼnosi qolib, uni masxaralashga intilishdek qabul qilish ehtimolini oʻylab koʻrish. Buning uchun kinoyada koʻproq oʻqituvchi oʻziga qaratilgan murojaatlari yengilroq his etilishini tushunishi zarur.

Deylik, koʻpincha uy vazifasini bajarmay keladigan oʻquvchi bir safar chala-chulpa boʻlsa-da harakat qilib kelganda, “Falonchiyev, quyosh bugun qayerdan chiqdi”, degan tashqariga yoʻnalgan kinoyadan “Rahmat senga, ochigʻi mening tobora oʻlib borayotgan umidlarimni tiriltirib yubording” mulohaza maqbulroqmikan...

2. Kinoya shaxsni kamsitish vositasiga aylantirilmasligi – bolaning obʼyektiv oʻzgartira olmaydigan narsalari (oilaviy sharoiti, qandaydir jismoniy belgilari, qaysidir faoliyat turlaridan tabiiy ojizligi va h.) kinoya obʼyektiga aylantirilmasligi.

Masalan, uzoqdan qatnab, koʻpincha kechiqib qoladigan bolaga “Keyingi safar ortingdan vertolyot joʻnataylikmi endi...” kabilida kinoya qistirgandan koʻra, “Darsning bir qismini oʻrganmay qolding-ku, men esa bu ish uchun oylik olaman, endi vijdon azobida bugun uxlolmayman, tinchgina uxlashimni istasang, tanaffusda yoki darsdan keyin oldimga kelib qolib ketgan joylaringni bilib olarsan”, degan maqbulroqmikan...

3. Kinoya ishlatiladigan guruhning xususiyatlarini hisobga olish – sinf oʻquvchilara oʻrtasida shakllangan munosabatlar, koʻpchilik bolalarning dunyoqarashi va ideallari qandayligini bilib yondashish.

Misol uchun, tajribamizda sinfdagi lider bolaning xatosiga reaktsiya sifatida rahbar shaxs “Bolani maqtasang, ishtoniga ... qoʻyar ekan” degan qoʻpol kinoyani ishlatganiga guvoh boʻlganmiz, vaholanki, yetakchining guruhdagi mavqeini hisobga olib, qolaversa, elementar pedagogik odobni saqlab kinoyani “Choʻqqiga chiqish boshqa, choʻqqida turish boshqa”, “Agar qani ilgʻorlar orasida yoʻqligim bilinarmikan, degan boʻlsangiz, ishoning yoʻqligingiz sezildi” shaklida aytgan maqbulroqmikan...

4. Kinoyaga nishon oʻquvchi shaxsi boʻlmasligi – vaziyatdan kelib chiqib, oʻquvchiga nisbatan kinoya ishlatiladigan boʻlsa, unda bolaning butun shaxsini emas, aynan oʻsha tanqidga arziydigan alohida sifat yoki harakatni moʻljalga olish.

Xususan, jismoniy tarbiyaga maxsus kiyim olib kelmaydigan bolaga baʼzilar kabi “Forma, esdan chiqdi, deysanmi? Oʻzingni ham esdan chiqarib qoʻymabsan-da?” deb emas, “Bilmadim, balki MCHS dan iltimos qilamanmi, endi, hammaga haligi qor koʻchkisi boʻlishi mumkin, deb bir kun oldin SMS xabar yuborishadi-ku, senga ertaga jismoniy tarbiyaga forma kerak boʻladi, degan xabarcha” joʻnatishadi, deb hazil qilgan maqbulroqmikan...

Eng muhimi, har qanday vaziyatda ham pedagogik maqsadda kinoyaning qoʻllanishida bosh qoida – suhbatdoshga nisbatan hurmat boʻlib tursa, uning zamirida yashiringan qudratli taʼsir kuchini toʻgʻri yoʻnaltirish qiyin boʻlmaydi.

Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)