Qarorlarimizni aqlga tayanib chiqaramiz deb oʻylaysizmi? Unday emas. Hozir isbotlayman:

Nevrolog Antonio Dʼning aytishicha: 95% qarorlarimizni hissiyotdan kelib chiqib qabul qilamiz.

Marketing tadqiqotlarida ham insonlar sotib olishdagi 90% qarorlarini hissiyot orqali qabul qilishi aniqlangan.

Aqlli reklamalardan koʻra hissiyot beruvchi reklamalar 23% samaraliroq.

60% mashhur videolar, hissiyotga teguvchi — jahlni chiqarish va rohat berish xususiyatiga ega.

80% brendga hissiy bogʻlangan mijozlar, uning kamchiliklarini kechirib yubora oladilar.

Mutaxassislar hissiyotga oid tadqiqotlarni oʻrgangan holda, inson psixologiyasiga oid qiziqarli faktni aniqlashgan:

Inson hissiyotdan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Soʻngra qarorlariga aqlan bahona toʻqib oladi!

Masalan:

1. Hissiy qaror: Aslida, qarindoshlar oldida maqtanish uchun qimmat mashina olish.

Aql bilan qarorini oqlash: Mashinaning kam benzin yeyishi. Uning qulayliklarini aytish. Kengligi sababli barcha oila aʼzolari sigʻishini pesh qilish.

2. Hissiy qaror: Jamiyatdan qolib ketmagani, uning ham oʻz oʻrni borligini isbotlash uchun — katta toʻy qilish.

Aqliy bahona: Silayi rahm, boshqalarni toʻyiga borganligini aytish va hkz.

3. Hissiy qaror: Doʻstini deb IT Universitetini tanlash.

Aqliy bahona: "Bugungi kunda kompyuterni bilmaslik — uyat. Kelajakda barcha narsa informatsion texnologiyaga aylanib ketadi", deb oʻzini ishontirish.

4. Hissiy qaror: Mehmonlarga koʻz-koʻz qilish uchun — uyini hashamatli taʼmirlash.

Aql bilan oqlash: Shu bolajonlarim maza qilsin deb chiroyli taʼmirlayapman. Meni duo qilib yurar.

5. Hissiy qaror: Sayohat qilib, chiroyli maskanlarda rasmga tushib joylash. «Like» yigʻish. Hammani ogʻzini ochirish uchun.

Aqliy bahona: "Sayohat rizqni keng qiladi. Dunyoqarashni oshiradi", deb oqlash.

6. Ayniqsa, boʻydoqlarda:

Oʻtmishi bor qizni sevib qoladida, "Kim ham xato qilmaydi? Albatta, toʻydan keyin oʻzgaradi!", kabi bahona toʻqib yurganlarni koʻrganman.

Qolaversa, inson oʻz hissiy qarorlarini oʻzi oqlashidan tashqari, boshqalardan ham tasdiq qidirishni boshlaydi. (Confirmation Bias).

Misol uchun, u kompyuter oʻyinlariga mukkasidan ketgan boʻlsa — "Kompyuter Oʻyinlarining Foydalari" haqida maʼlumot topib, oʻzining nafsoniy qarorlarini oqlab oladi.

Yechim qanday?

1. Qaror chiqarishdan oldin — «pauza» oling.

2. Sizga qaror qabul qilishda taʼsir qilayotgan tuygʻular — qoʻrquv, nafs, ego, jahlni tahlil qiling.

3. Ustozlar bilan maslahatlashing.

4. Shu qaroringizga — 1 oy, 1 yil, 5 yildan keyin qanday munosabatda boʻlishingizga qarang.

5. Oʻtmishdagi xatolaringizdan xulosa chiqaring.

Xulosa

Odatda, hissiyot bilan qaror chiqarib, unga aql bilan bahona topishga moyilmiz.

Hissiyotni — aqlga almashtiring!

Bilaman, qiyin ish.

Qiyin ishlarni — koʻpchilik qilmaydi. Kallani ishlatadigan ozchilik ichida boʻlasiz.