Dunyoda birovning biror narsasi yoʻqolmagan maktab sinfini topish amrimahol. Qayerdaki bolaga:
- “meniki” va “birovniki” degan tushunchalar oʻrtasidagi farq oʻrgatilmadi;
- unda oʻzini tiyish va masʼuliyat tarbiyasiga eʼtibor qaratilmadi;
- unga boshqa odam oʻrniga oʻzini qoʻya olish xususiyati singdirilmadi, shu yerda sinfdoshlar mol-mulkini oʻzlashtirib olishga yengil qarashlar hukm surishiga ajablanmasa ham boʻladi.
Maxsus tadqiqotlardan maʼlum boʻlgani shuki, umuman, bolalar oʻgʻrilik sodir etishiga koʻpincha:
a)impulsivlik, yaʼni qisqa muddatli xohishlar taʼsiriga oson berilish;
b) muayyan psixologik ehtiyojlari qondirilmagani;
v)maʼnaviy tasavvurlar va iroda shakllanmagani psixologik negiz boʻladi.
Sinfda oʻgʻrilik roʻy bergani aniqlanganda, avvalo, oʻqituvchi oʻzining pedagogligini unutmasdan, izquvarlikka berilib ketmay gunohkorlarni fosh etishga emas, eʼtiborni vujudga kelgan vaziyatdan tarbiyaviy maqsadda qanday foydalanishga yoʻnaltirishi kerak:
1)oʻgʻrilik harakatiga (uni sodir etgan hozircha nomaʼlum bola shaxsiga emas) nisbatan salbiy bahoni qatʼiy maʼlum qilish, har qanday ishi uchun odam ertami kechmi javobgar boʻlishini taʼkiddash lozim;
2) vujudga kelgan vaziyatni oʻgʻrilik qurboniga aylangan odamning his-kechinmalari nuqtai nazaridan izohlash maqsadga muvofiq;
3)pedagog oʻgʻirlangan narsani ishlatish qatʼiyan man etilishi va uni egasiga qaytarish uchun qanday harakatlarni amalga oshirish mumkinligi, bunda oʻzi ham vositachi boʻlishga tayyorligini, birovning sirini saqlay bilishini aytishi kerak.
Sinfda hech kim beruxsat boshqalarning narsasini olmasligi uchun egasi nomaʼlum narsani oʻqituvchiga olib borib berish qoidasini oʻrnatish muhim.
Oʻgʻrilikka qoʻl urganni militsiya va dahshatli jazo bilan qoʻrqitish, unga “oʻgʻri” degan tamgʻani bosib qoʻyish va kelajakda jinoyatchi boʻlib ketishini bashorat qilish psixologik jihatdan oʻzini oqlamaydi.
Bundan koʻra, bolalarga narsasini oʻgʻirlatgan sinfdoshining oʻrniga oʻzlarini qoʻyib koʻrishni va bu hodisa ular bilan sodir boʻlganda qanday ahvolga tushishlari mumkinligi haqida oʻylanib koʻrishga undash foydaliroqdir.
Oʻgʻrilikni qoralash darajasi yoʻqolgan narsa narxiga bogʻliq boʻlmay, chizgʻich oʻgʻriligiga ham, katta pul oʻgʻriligiga ham birdek salbiy bahoni bayon etish kerak.
Notoʻgʻri ish qilganini tan olib, odamlardan kechirim soʻrash har kimning ham qoʻlidan kelmasligini, bunga faqat haqiqatdan mard insonlar qodir boʻlishini taʼkidlashi samaralidir.
Sodir boʻlgan noxush voqeadan keyin pedagog sinf bilan suhbatlashishda oʻgʻrilikni amalga oshirgan odam bilan yakkama-yakka suhbatlashishga tayyorlikni, bunda oʻgʻirlangan narsa nima uchun kerak boʻlganini bilib, maqsadga erishishning boshqa toʻgʻri yoʻllarini qidirishib yuborishga vaʼda bergani maʼqul.
Eng muhimi, bola oʻgʻrilikni spontan, birlamchi his-tuygʻuga ergashib, oʻzining istak-xohishlarini, havaslarini boshqara olmay sodir etgan boʻlishi mumkinligi haqida oʻylash pedagogga koʻproq yarashadi.
Noxush hodisa ortida boʻlajak katta jinoyatchi qoʻllari emas, tan olinish, oʻzining nimaga qodir ekanini isbotlash, eʼtibor qozonish ehtiyoji qondirilmagan yoki zerikib, bekorchi qolgan, joʻshqin voqealarga boy hayotga intiluvchi, kimdandir shunday yoʻl bilan qasos olsa, barchaga qudratini koʻrsatcha ichki gʻalayonlari bosiladi, deb yanglish oʻylayotgan, oʻzini oʻzi yetarli tushunmayotgan pedagogik-psixologik yordamga muhtoj koʻngilni koʻrish oʻqituvchining yuksak kasbiy eʼtiqodidan darak beradi.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)