Oʻzimni tahlil qilaman. Odamlarni kuzataman. Koʻpchiligimizda gʻalati odatimiz bor:

Kutib yashash!

Hamma nimanidir kutib yashayapti:

Qachon oʻqishga kiraman?

Qachon oʻqishni bitiraman?

Qachon ishga joylashaman?

Qachon mashina olaman?

Qachon qiz topaman?

Qachon uylanaman?

Qachon qarzdan qutilaman?

Qachon oylik chiqar ekan-a?

Qachon farzandim katta boʻlar ekan?

Qachon toʻy qilar ekanman-a?

Qachon nafaqaga chiqaman?

Qachon nafaqa puli tushar ekan?

Qachon? Qachon Qachon?..

Hamma nimanidir kutyapti, hamma qayergadir shoshyapti.

Bir harbiy tanishimdan nega bu kasbni tanlayotganini soʻraganimda:

13 yil sabr qilib kutsam, nafaqaga chiqaman! - degandi.

Hali ishga kirmasdan, nafaqa orzusini eshitib, rahmim kelgandi..

Orzu, havas, kelajakka umid boʻlishi — yaxshi.

Yomon tarafi esa — kutish:

Bugungi kunning qadriga yetmaslik.

Natijalar uchun umrimizni sarflab, bebaho vaqtimizni isrof qilamiz. Bugunimizni yoʻqotamiz.

Paygʻambarimiz (s.a.v) dan qiyomat qachon deb soʻrashganda:

Nima tayyorgarligingiz bor? - deb javob bergandilar.

Xullas, nima demoqchiman?

Kelajakni oʻylab, bugungi kuningizni boy bermang!

Oʻsha kun bugun, hozir, ayni daqiqalar!

— — —

Bir obunachimizning izohlari menga qattiq taʼsir qilgandi:

Meni eng koʻp afsuslantiradigan narsalar:

Farzandlarim tugʻilganda kundalik tutib (xoh qogʻozda, xoh onlayn) ularni har kunlik harakatlarini, chiqargan qiliqlari, aytgan soʻzlari, gaplarini yozib ketmaganim. Keyinchalik ular katta boʻlganda bularni oʻqish juda-juda maroqli.

Keyingi afsuslanadigan narsam lahzada yashamay faqat yaxshi kunni kutganim. Hali uy olsak hammasi yaxshi zoʻr boʻlib ketadi, hali oʻqishga kirsak, hali ishga joylashsak, hali viza olsak, hali unday qilsak, hali bunday qilsak va h.K deb yaxshi kunlarni kutaverganman faqat. Lekin usha lahzada yashash oʻsha vaqtda quvonish, xursand boʻlish,shukr aytish kk ekan.

Inson zotini eng koʻp sogʻinadigan narsasi farzandlarini yoshligi boʻlarkan.