Olimpiada oʻyinlarida xitoylik gimnastikachi Chjou Yatsin shohsuppada kumush medalni qabul qilar ekan, boshqa sovrindorlar nega medalni tishlab turishganiga dastlab tushunmaydi.
Keyin esa hayron boqib, koʻp oʻtmay qandaydir bolalarcha nunoqlik bilan oʻz medalini tishlab suratga tusha boshladi. (Videosi izohda)
Birov qizning soddaligi ustidan miygʻida kulib qoʻygan boʻlsa, birovga bu harakat erish tuyuldi. Yana bir uchinchi guruh borki – bizni bu harakat oʻyga undadi.
Psixologiya ilmidagi bir qator mumtoz nazariyalardan bilamizki, odam qaysidir xatti-harakatni oʻrganib, oʻzlashtirib olgan boʻlsa, ushbu ikki usuldan biri unga yordam bergan boʻlib chiqadi:
1. Vikar oʻrganish – biror xatti-harakat kimdir tomonidan amalga oshirilib, yakunda odam uchun qanday samara va oqibat keltirganini bevosita koʻrib, kuzatib turib oʻrganish.
2. Operant oʻrganish – biror xatti-harakatni sinov tariqasida mustaqil amalga oshirib koʻrib, xato boʻlsa, boshqacha yoʻl tutib koʻrish, samarali boʻlsa, shu yondashuvni saqlab qolish orqali oʻrganish.
Yuqorida eslangan “soddadil” sportchi qiz misolida biz yorqin ravishda vikar oʻrganish, yaʼni koʻrib, kuzatib, taqlid, ergashish ortidan oʻrganish namunasini koʻramiz:
Inson bolasi faqat kichkintoy davrida emas, katta boʻlganda ham bu usulda oʻrganishni davom ettirishi va ayrim oʻrinlarda bunday oʻzlashtirish, mutlaqo anglanmagan holda roʻy berishi, yaʼni oʻzbekcha aytganda “qovun qovundan rangni” ortiqcha oʻylanmay, avtomatik koʻchirib olishi mumkin ekan.
Bunday misollarda bola tarbiyasi uchun masʼul ota-ona va ustozlarga kuchli eslatma bor. Bu borada fikrimiz indallosi avstriyalik iqtisodchi olim Karl Meningerning bir hikmatida aniq ifodalangan:
“Oʻqituvchining kimligi, nimani oʻqitayotganidan koʻra muhimroqdir”.
P.S. Farzandlarim orasi 2,5 yosh. Qizimni akasiga “aka” deb murojaat qilishga hech oʻrgata olmayapmiz. Yaxshilab oʻzimizni taftish qilib qarasam, qizimga “Mana buni ... (ism) ga berib yubor”, “... (Ism) ni menga chaqirib ber”, deb hecham “Mana buni akang (ism) ga berib yubor”, “Akang (Ism) ni menga chaqirib ber”, demas ekanmiz...
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)