Har bir mavjudotga tirik qolishi uchun oʻziga xos kuch berilgan:
Toshbaqaga — zirh;
Katta ilonga — boʻgʻish qobiliyati;
Kichik ilonga — zahar;
Ariga — chaqish;
Chumoliga — kichik hajm;
Pashshaga — tezlik;
Tulkiga — ayyorlik.
Misollar koʻp.
"Insonga esa aql berilgan" demoqchisiz-a, Mohir?
Buni yosh bola ham biladi!
Ha, toʻgʻri topdingiz. Lekin men ikkinchi neʼmat haqida gapirmoqchiman:
Jamoaga birlashish — ijtimoiylashuv.
Inson qanchalik aqlli mavjudot boʻlmasin, quruq aqlning oʻzi bilan yutolmaydi.
Qadimda odamlarning hayvonlar ustidan gʻalaba qozonishining asosiy sababi faqat aql emas, balki oʻsha aqlini birlashtirgan jamoa edi.
Tabiatda kuch omon qolishning asosiy mezoni boʻlsa, inson uchun bu — birlik va hamkorlik.
Aqliga ortiqcha ishonib, ajralganlarni — ayiq, boʻlinganlarni — boʻri yeydi.
Hayvonlar ustidan birlashgan aql bilan gʻalaba qozonganimizdek, hozirgi dushmanimiz — nafs va shayton ustidan ham faqat birlashish orqali gʻalaba qozonamiz.
Shayton esa buni yaxshi biladi. Shu sababdan u odamlar orasiga fitna soladi. Oilalarni buzgan shaytonvachchalarning maqtalishi ham bejiz emas. Bu — birligimizni yoʻq qilishga qaratilgan harakat.
Bu qoida oʻquvchilarda ham amal qiladi.
Nega ayrim aʼlochi oʻquvchilar boy boʻlolmaydi, baʼzi «ikkichi» oʻquvchilar esa muvaffaqiyatga erishadi?
Asosiy sabab shuki, aʼlochi oʻz aqliga haddan tashqari ishonadi va hammasini oʻzi bajarishga intiladi. Kibri hamkorlikdan toʻsadi. Bir masala ustida oylab oʻtiradi. Rivojlanishi sekinlashadi.
«Ikkichi» esa oʻz imkoniyatlari cheklanganini tan olib, boshqalar bilan hamkorlik qiladi. U ishni oʻz egalariga topshiradi. Muammolarini tez hal etadi. Oldinga ildamlaydi.
Xulosa shuki, insonga berilgan eng katta neʼmat faqat aql emas, balki jamoa kuchidir.
Shunday ekan:
Oʻzingizga ortiqcha ishonmang. Ajralmang. Birlashing!
Yolgʻiz odam tez yuguradi, jamoa esa uzoqqa boradi!