Tasavvur qiling qadim zamonda, oʻrmonda yashayapsiz. Yashab qolishning yagona yoʻli – ovchilik. Kiyik ovlab kun koʻrasiz.
Bir kuni oʻrmonga ovga chiqdingiz. Birdan yaqindagi yam-yashil butazorda nimadir shitir-shitir qildi.
Ortida nima ekan-a?
Ikkita variant bor:
A) Kiyik – sizga yemish boʻladi
B) Sher – siz unga yemish boʻlasiz
Shu vaqt sizda ikkita yoʻl bor:
A) Pozitiv fikrlab, yaxshi gumon qilib – qorningizni toʻydirish
B) Negativ fikrlab, har ehtimolga qarshi – joningizni saqlab qolish
Siz qaysi yoʻlni tanlaysiz?
Shu vaziyatda aksariyat negativ fikrlash yoʻlidan yurgan. Sababi oddiy:
Pozitiv fikrlashning mukofoti faqat qorinni toʻydirish boʻlsa,
Negativ fikrlashning ajri – joningizni saqlab qolish boʻlgan.
Tabiiyki, inson uchun jonni saqlab qolish eng muhim unsur hisoblangan:
Qorinni toʻydirish < Jonni saqlab qolish.
Yaʼni qadimdan negativ – pessimistik fikrlash insonni qutqaruvchi omil boʻlgan.
Bu fikrlash tarzi uzoq yillar davom etib, insonga singib ketgan, instinktga aylangan. Hali-hanuz negativlik tabiatimizda bor.
Fanda “Negativity Bias” – “Salbiy fikrlash illati” degan psixologik ibora borligi ham bejiz emas:
Unga koʻra insonlar ijobiy voqealardan koʻra salbiy voqealarni kuchliroq sezadi, tezroq eslab qoladi va ularga koʻproq eʼtibor qaratadi.
Misol uchun:
• Kimdir sizni 10 marta maqtasa, ammo bir marta tanqid qilsa, baribir tanqid koʻproq yodda qoladi.
• Yaxshi xabarlardan koʻra, yomon xabarlarga koʻproq eʼtiboringiz tushadi:
Shu sababli ham televideniye “falonchi pichoqlab ketdi”, “mashina urib ketdi”, “jazmani bilan ushlab oldi” degan xabarlarga toʻla.
Umumlashtiradigan boʻlsak:
Inson yaxshilikdan koʻra, yomonlikka koʻproq eʼtibor qaratgan va shu asosda xulosa chiqargan.
Mavzuni tushungan boʻlsangiz, endi pedagogik xulosaga oʻtamiz:
Oʻqituvchilikda ham “negativity bias” tez-tez namoyon boʻladi.
Koʻp hollarda yaxshiliklarni koʻrmasdan, koʻproq salbiy tomonlarga qarab qolamiz:
• Sinfdagi 2–3 ta shoʻx bola tufayli butun sinf haqida salbiy fikr yuritamiz.
• Namunali oʻquvchi bir marta xatoga yoʻl qoʻysa, uning barcha mehnati emas, aynan shu xatosi esda qoladi.
• 10 ta ota-ona rozi boʻlsa-da, bittasining shikoyati butun kayfiyatimizni buzib yuboradi.
• Oʻquvchidan birgina salbiy mulohaza olsak, “ustozlik menga toʻgʻri kelmas ekan” degan xulosaga shoshib qolamiz.
Ish bor joyda kamchilik boʻlishini unutib, faqat kamchiliklar bilan ovora boʻlib qolamiz.
Xullas, nima demoqchiman?
Illatlar sizni aldab qoʻymasin. Oʻzingizda optimistlikni rivojlantiring. Aql tarozusini ishlating. Zero:
Kelajakni optimistlar quradi!