Atrof olamda goʻzal manzalar koʻp. Pedagog sifatida bizga alohida zavq bahsh etadigan bir manzara bor:

Kirish imtihonini topshirishga kirib ketgan oʻquvchisini temir panjara toʻsiq yonida kun issigʻida kutib turgan ustozlar. Shular imtihon markazlari eshigigacha oʻquvchini tayyorlab kelsalar kerak-ov...

“Oʻqitdim-qutildim” formulasi bilan ishlasa boʻlmaydimi?

Imtihondagi muvaffaqiyat 5 omilga bogʻliq:

1. Tegishli fandan zarur bilimlarga ega boʻlish (intellektual omil);

2. Qiyinchilikni yengishga oʻzini yoʻnaltira olish (motivatsion omil);

3. Imtihon tadbirlari bilan tanish boʻlish (informatsion omil);

4. Imtihonga tayyorgarlik tizimini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish (strategik omil);

5. Sinov vaziyatida hissiyotlarni boshqara olish (emotsional omil).

Albatta, bola avvalo, ota-ona duosi bilan “jangga” kirishsin. Ammo ustoz oʻlaroq bilim berishdan tashqari sinovga tayyorlash uchun yana nima qila olamiz?

Pedagog-uslubchi sifatida:

1. Topshiriqlarni bajarish texnikasi bilan tanishtirish (vaqt taqsimotini toʻgʻri qilishga oʻrgatish, eng qiyin vazifalarga qaysi tarafdan yuzlanib kelish maʼqulligini koʻrsatish, qoʻshimcha manbalardan olingan maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatlarini koʻrsatish);

2. Oʻquvchi xatolari bilan ishlash (xatolarni koʻrsatish emas, ularni topishga yordam berish, imtihon oldi mashqlarning natijalarini muhokama etish, anʼanaviy yoki kutilmagan xatolarni izohlash);

3. Oʻziga ishonchni qoʻllab-quvvatlash (qiyin topshiriqlar qatorida bola aniq eplay oladigan vazifalarni ham berish, uning kichik yutuqlarini ham taʼkidlab qoʻyish, avvalgi va keyingi natijalarni solishtirib qaysi sohalarda ayniqsa ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganini qayd etib ketish).

Pedagog-psixolog sifatida:

1. Imtihonni ijobiy natija bilan topshirishga dasturlash (bolaga chiroyli va yengil imtihon jarayoni manzarasini tasvirlab berish va unga shunaqa manzarani koʻz oldiga keltirib turishni taklif etish, nazoratchilar sovuqqonligi dushmanligidan emas, shunchaki, jarayon jiddiliyligi bildirish uchun ekanini tushuntirish);

2. Maʼnaviy-gʻoyaviy dalda berish (imtihon materiali turli darajadagi vazifalardan tashkil topishi tufayli bu yerda aniq oʻquvchi qoʻlidan keladigan topshiriqlar boʻlishini taʼkidlash, oʻquvchiga tayyorlanish uchun koʻp vaqt ketkazayotgani albatta, natijaga ijobiy taʼsir koʻrsatishini eʼtirof qilish);

3. Oʻquvchini oʻzini-oʻzi boshqarishga oʻrgatish (ortiqcha xayajonni kamaytirish uchun ayrim “imtihon” mashqlarini oʻrgatib qoʻyish: “Oynagi muz” – chuqur nafas olib, goʻyo butun oynani qoplagan muzni sekin puflab eritishga urinish:

“Kesishgan qoʻllar” – tizzaga qoʻllarni kesishtirish, yaʼni chap qoʻlni oʻng tizzaga, oʻng qoʻlni chap tizzaga qoʻyib, bir necha bor birini ostiga, ikkinchisini ustiga oʻtkazib harakatlantirish;

“Uqalash” - chap qoʻl kichik barmogʻi birinchi falangasini biroz uqalash.

Agar “Men – oʻqituvchiman, oʻqitaman, xolos” desangiz, ushbu post bilan vaqtingizni oldik – uzr!

Bordi-yu, chin ustozlikka daʼvoim bor, desangiz, unda yordam beruvchi qoʻl qulochini kengroq ochishga toʻgʻri keladi.

Oʻquvchini hayotga tayyorlayapmizmi, hayotning har qadami sinovmi, ushbu sinovlarning dastlabkisi imtihon shaklida kelayaptimi, oʻquvchi yolgʻizlanib qolmasin!