"Ustoz kundaligi" jamoasiga quyidagi savol kelib tushdi. Koʻpchilikni oʻylantirayotgan mavzu boʻlgani uchun sizga ham ulashamiz:

Assalomu aleykum. Men 14 yillik stajga egaman. Avvaliga yuqori sinfdagi shoʻx oʻquvchilar bilan yaxshi ishlab keldim. Bu yil esa 1-sinf oʻquvchilarini oʻqitdim va bir oʻta shoʻx bolaga duch keldim:

Bolada oʻz fikri va dunyoqarashi bor, faqat aytilgan vazifalar ketma-ketligini bajarishga toqati yoʻq. Partada oʻtirish unga yoqmaydi. Zoʻrgʻa 1-sinfni tugatdik. Shu bola bilan ishlash uchun qaysi metodlarni qoʻllash mumkin?

Assalomu aleykum. Ustoz tasvirlagan alomatlar koʻpincha giperaktiv bolalarga xos boʻlib, ularning asosiy muammosi — diqqatni hatto qisqa vaqtga ham jamlash qiyinligi.

Mutaxassislar bunday bolalar bilan ishlashda quyidagilarni tavsiya etadilar:

1. Bunday bola yoniga dars davomida koʻproq borib, topshiriq qanday bajarilayotganini tekshirib turish.

2. Yangi topshiriqni faqat avvalgisi bajarilgach berish, bir vaqtda bir nechta vazifani bermaslik.

3. Ragʻbatni ish bajarilishi bilanoq berish, uzoq muddatli vaʼda strategiyasidan qochish.

4. Maqtovni topshiriq tugagach, darhol aytish.

5. Sinfdagi mayda yordam ishlarini (doskani artib qoʻyish, daftar yigʻish va h.k.) shu bolaga topshirish.

6. Koʻrsatmalarni qisqa va aniq berish, ortiqcha izohlardan qochish.

7. Baqirish samarasiz — qisqa va jiddiy ohangda gapirish maqsadga muvofiq.

8. Faollik ortib, vaziyat taranglashsa, asta yoniga borib yelkasiga qoʻl qoʻyish orqali diqqatini boshqa tomonga burish.

9. Ota-onaga uyda dars vaqtida chalgʻitmaydigan muhit yaratishni tavsiya etish.

10. Ota-onaga bolani shovqinli joylarga olib bormaslik, kofeinli mahsulotlardan cheklash va uyqu tartibiga qatʼiy rioya qilishni aytish.

Psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida