differentsial yondashuv
Ustoz degan baland maqomimiz oʻquvchilarni shunchaki “bunisi boʻladi, narigisi boʻlmaydi” tarzida toifalarga ajratib tashlashga yoʻl qoʻymaydi.
Tafakkurimiz “Bunisining shunday tomoni bor ekan, endi nima qilasan, narigisida boshqacha xislat bor ekan, bunga qanday yondashasan?” kabilida ishlaydi.
Shu savolga javob topishda balki quyida oʻquvchilar toifalari va ularga nisbatan taʼlim-tarbiyada individual yondashuv boʻyicha fanda, pedagogik amaliyotda toʻplangan ayrim tajribalar asqotishi mumkin.
Aslida har qaysi ozmi-koʻpmi pedagogik tajribaga ega ustoz beixtiyor oʻquvchilarni maʼlum guruhlarga xayolan ajratib oladi.
Birov oddiygina ikkichi, oʻrtahol, aʼlochi, deb boʻlib oladi, kimdir sinfdagi rollardan kelib chiqib, lider, autsayder, sinf goʻzali, askiyachi, botanik (yaʼni oʻta intizomli aʼlochi), paxan (jismoniy kuchli) bolalarni ajratadi.
Baʼzilar oʻquvchilarning shaxsiyatiga asoslanib, “tepsa tebranmas”, “xayajonlanuvchi”, “ergashuvchan”, “sergap”, “isyonkor”, “bilagʻon”, “oʻqituvchi orzusi” kabi toifalarni koʻradi.
Albatta, bunday oddiy, yaʼni koʻrinib turgan alomatlarga asoslangan tasniflar boʻyicha ham oʻquvchilar bilan ishlashda oʻzaro farqli yondashuvlar tanlanishi maqsadga muvofiq.
Masalan, oʻgʻil bolalarga xatosini qisqa va aniq bayon etish, qizlarga aksincha, detallashtirib tushuntirib oʻtish tavsiya etiladi.
Shu qatorda xarakteriga koʻra, oʻquvchilar orasida eng koʻp uchraydigan guruhlar bilan ishlashda quyidagi tavsiyalar keltiriladi:
1) xavotirlanuvchi oʻquvchilar: muloqotni sokin, past ohangda olib borish, oʻziga beradigan bahoni koʻtaruvchi usullardan foydalanish, muvaffaqiyatli harakatlarni alohida taʼkidlash, doʻndirib bajaradigan ishlariga urgʻu berish, muhimni nomuhidan ajratib, mayda-chuydaga kuyinmaslikka oʻrgatish, ayb ishlar uchun jazoni kechiktirmay shu paytning oʻzida qoʻllash, musobaqalashtiruvchi jarayonlarga jalb etmaslik, boshqalar bilan qiyoslamaslik;
2) jizzaki oʻquvchilar: guruhda doimiy ravishda masʼuliyatli vazifasi boʻlishini taʼminlash, qilmishlarini faqat toʻliq “xovuridan tushgach” muhokama etish, muloqotni tenglik maqomida qurish, belgilangan chegaralarda tashabbus koʻrsatishga imkoniyat berish, suhbatda jargon, norasmiy soʻzlardan foydalanmaslik, yaxshi baho olishga sharoit yaratish, bahoni eʼlon qilishda doʻstona izohlar berish, bola oʻzining ustunlikka intilish istagini qondirib olishiga imkon beruvchi topshiriqlani tanlash, ortiqcha jismoniy energiyani chiqarib yuboruvchi faoliyat turlari (sport, mehnat, safar) ga urgʻu berish;
3) koʻrgazmali xulq-atvorli oʻquvchilar:hissiyotlarga erk berib, maqsadga erishmoqchi boʻlgan vaziyatlarni eʼtiborsiz qoldirish, oqilona yondashganda ragʻbat berish, mustaqil qaror qabul qilish va shunga yarasha oʻz harakatlariga oʻzi javob berishini bot-bot taʼqidlash, boshqalar orasida ajralib turish imkonini beruvchi vazifalar topshirish, shaxsini emas, harakati, qiligʻini tanqid qilish (tanqidni tez-tez emas, uch-toʻrt qilmishga bitta tanqid yoki jazo), teng kuchli yoki ustunroq sinfdoshlar guruhlarida ishlatish, jadal oʻquv faoliyati, topshiriqlar xilma xilligini taʼminlash, muloqotda boʻlish uchun keng imkoniyat berish;
4) betoqat oʻquvchilar: sabrda oʻrnak boʻladigan oʻquvchi oldiga oʻtkazish, topshiriqlarni qismlarga ajratib berish, vazifani topshirishga shay boʻlib turganda qayta tekshirib olish uchun yana besh daqiqa berish, oʻquvchining javobiga faqat oʻzimiz chaqirganda yoki qoʻlini koʻtarganda eʼtibor qaratish, turib yurish imkonini beruvchi dastyorchilik ishlarini taklif etish, topshiriqlar orasida tanaffuslar berib turish;
5) yakkalanuvchan oʻquvchilar: bolaga, uning hayoti, qiziqishlari va gʻoyalariga samimiy qiziqishni namoyon etish, guruhiy ishga faqat oʻquvchining oʻzi tayyorligini bildirganda qoʻshish, boshqa bolalar bilan muloqotdagi har qanday muvaffaqiyatni alohida eʼtirof qilish, munosabatdagi noqulaylikni susaytiruvchi usullar (hazil-mutoyiba, shaxsiy hayotdan misollar aytish) ni qoʻllash, yordamini taklif etsa, rad etmaslik, jamoaga tegishli ekanlikni his qildirish, topshiriqni bajarishda oʻz qiziqish va xohishlariga monand yoʻl tanlash imkonini berish.
Davomi ikkinchi sonda