— Barchaga birday yoqadigan bir dona soʻz?

— Ularning ismi! (Deyl Karnegi)

Haqiqatdan, odam oʻz ismini yaxshi koʻradi. Toʻgʻrirogʻi, uni nomi zikr qilinishini yoqtiradi.

Oʻquvchilar ham shunday: dars vaqtida oʻz ismi bilan chaqirilishi ularni xursand qiladi.

Qolaversa, ismi bilan chaqirishingiz — uni shaxs sifatida tan olayotganingizni bildiradi. Oradagi munosabatlarni iliqlashtiradi.

Marketologlar ham buni juda yaxshi bilishadi. Sotuv qoʻngʻiroqlarida birinchi ismingizni soʻrab olib, «Palonchi aka» deb murojaat qilishi bejiz emas.

Xullas, barchamiz ism muhimligini ilmiy jihatdan bilmasak ham, tajriba jihatidan tushunamiz. Mohiyatini anglash muammo emas.

— Unda muammo nimada?

— Ismlarni eslab qolishda!

Ayniqsa, oʻqituvchilar har bir sinfda 40 talabadan ortiq oʻquvchining ismini eslab qolishga majbur boʻladi. Kim uchundir bu oson boʻlishi mumkin.

Lekin kamina tarixdan dars bersa ham, ism eslab qolishda hanuz qiynaladi. Eslab qolish mayli, adashtirishi undan battar:

Har hafta kamida bitta oʻquvchining ismini adashtirib «qalla qoʻymasa» koʻngli joyiga tushmaydi.

Oʻquvchilar mayli, oʻquvchilarning ota-onasining ismini adashtirib aytayotganini 2 oydan keyin payqab qolgan…

Bu ketish boʻlmaydi deb, ism eslab qolish uchun bir nechta uslublarni izlab koʻrganman. Baʼzilari yaxshi yordam bergan. Qovun tushirishlar kamaygan.

Keling, sizga ham ulashaman:

1. Birinchi kun oʻquvchilardan ismlarini qogʻozga yozib, buklet shaklida qoʻyishlarini iltimos qiling.

2. Agar sinfda oʻta «koʻcha» bolalar koʻp boʻlib, yolgʻon ism yozishlari mumkin boʻlsa — ism yozishni biror masʼuliyatli oʻquvchiga topshiring.

3. 10 daqiqalik topshiriq berib, bu orada ismlarini yodlab chiqing.

Yodlash qanday boʻlishi kerak?

Shu yerda mnemonika uslublaridan foydalanishni tavsiya qilaman:

Talabaning ismiga va yuziga qarang. Va uning ismiga xos kulgili, gʻalati, rang-barang obrazni tasavvur qiling. Masalan:

1. Gulbaxor — peshonasidan gul oʻsib chiqayotgan, atrofida kapalaklar aylanib yurgan manzarani tasavvur qiling;

2. Malika — tasavvuringizda boshiga toj kiydirib oling;

3. Rustam — men misol Rossiya podshohi Nikolay II oldida turganini tasavvur qilardim. «Rus»dan boshlanishini eslatadi;

4. Otabek — «ota» soʻzidan olib, unga xayolimda moʻylov va doʻppi kiydirib tasavvur qilardim;

5. Muaz — arabcha ism boʻlganiga, unga arabcha milliy kiyim kiydirib, sahroda tasavvur qilardim;

6. Botir — boshiga kaska, qoʻliga qilich koʻtarib olgan qahramonni koʻz oldimga keltirardim.

Yuqorida aytilganidek, tasavvurlar qancha gʻalati va jonli boʻlsa, shuncha yaxshi yodda qoladi. Men odatda gʻalati tuzaman. Oʻta gʻalati misollarni yozib oʻtirmadim :)

Qissadan hissa:

Ism eslab qolish muhim. Oʻquvchilarniki esa ikki karra muhim. Muammo — koʻp oʻquvchining ismini yodlab qolish qiyin. Bunda esa bizga — ismlarini yozdirish, gʻalati obrazlar bilan xayoliy tasvir tuzish yordam beradi.

Siz yana qanday uslublarni bilasiz?