Ushbu xat hindistonlik ota tomonidan oʻgʻlining ustoziga bagʻishlab yozilgan.

Oʻgʻlimning ustozi! Oʻgʻlimga u bilishi kerak boʻlgan narsalarni oʻrgating, agar qoʻlingizdan kelsa muloyim boʻling. Unga oʻrgatingki, modomiki dushmanlari bor ekan, uning doʻstlari ham boʻladi.

U bilsinki, bu dunyoda barcha insonlar adolatli va haqiqiy emasdir. Unga yana oʻrgatingki xar bir razilning qarshisida bir qahramon va har bir sotqin siyosatchi qarshisida bir sodiq siyosatchi bordir. Agar qoʻlingizdan kelsa unga halol yoʻl bilan topilgan bir tsent, egri yoʻl bilan topilgan bir dollardan qadrliroq yekanini oʻrgating. Yana unga oʻrgatingki, yolgʻon bilan gʻalaba qozongandan koʻra, rost bilan muvaffaqiyatsizlikka uchrash afzaldir.

Unga shunday taʼlim beringki, u gʻalaba nashidasini surish uchun, yutqazish alamini totib koʻrishi kerakligini anglab yetsin. Unga oʻrgatingki, u yumshoq insonlar bilan — yumshoq, qahrlilar bilan esa — qaxrli boʻlsin. Agar qoʻlingizdan kelsa, unga hasad olovidan chetda boʻlishni va samimiy kulishni oʻrgating. Yana unga mahzun kunlarda kulishni, vaqti kelganda, koʻz yosh toʻkishni va buni uyat yemasligini oʻrgating. U shuni bilsinki, sharafli magʻlubiyat sharmandalik gʻalabadan ustundir.

Oʻgʻlimning ustozi! Oʻgʻlimga kitoblarga oshno boʻlishni oʻrgating. Unga yana koʻkdagi qushlardan, qirlar uzra ochilgan gullardan, va bu gullardan bol yigʻib olayotgan asalarilardan taʼsirlana oladigan inson boʻlishni oʻrgating. Oʻgʻlimga unga butun dunyo ishonmasa ham oʻz gʻoyasida sodiq qolishni oʻrgating.

Oʻgʻlimga kuchli boʻlishni oʻrgatingki, u hech qachon olomonga koʻr-koʻrona ergashib ketmasin. Unga hammani yeshitishni va oʻz navbatida haq va nohaqni ajratishni oʻrgating. Unga kuchi va salohiyatini qimmatga sotishni, ammo vijdoni va ruhini sotishga haqqi yoʻq ekanligini oʻrgating.

Oʻgʻlimga jasur boʻlish uchun eng avvalo sabrli boʻlish kerakligini oʻrgating. Unda oʻziga boʻlgan ishonch hissini shakllantirishiga koʻmaklashing, shunda u boshqalarga ham ishonch bilan munosabatda boʻladi. Bilaman sizdan istayotganlarimni bajarish oson emas, ammo soʻraganlarimdan qoʻlingizdan kelganlarini oʻrgating. U ajoyib bola! Yaxshi bola! U mening oʻgʻlimdir.