1. Bola – asosiy eʼtiborda

Mariya Montessori bolaga uning xohish-istaklariga qarab munosabatda boʻlish eng toʻgʻri va yagona yoʻl, degan qatʼiy fikrni ilgari surgan. Bola uchun nima muhimligi uning oʻzigagina maʼlum. U suvni idishlarga quyib, xossalari va jozibasini oʻrganishga bir soat vaqt ketkazishi mumkin, bu paytda bolani rasm chizish yoki boshqa mashgʻulotga chalgʻitish montessori pedagogikasiga zid.

2. Pedagog bolaning diqqatini boʻlmasdan yoʻnaltiradi

Albatta, bola taʼlim jarayonining asosiy harakatlantiruvchi kuchi hisoblanadi. Kattalar muntazam ravishda kichkintoy bilan hamnafas, lekin ular bolaning tabiiy qiziqishlarini soʻndirmaslik, bilim olishga boʻlgan ehtiyojlarini barbod qilmaslik uchun ehtiyotkorona yondashishi kerak. Montessori kundaliklarida tarbiyachilarni tayyorlash masalasiga jiddiy eʼtibor berish zarurligini taʼkidlagan. Shogirdlarining metodika boʻyicha olgan yangi nazariy bilimlarini hayotda qoʻllay olmasligining guvohi boʻlgach, u pedagoglarning bolalar bilan ishlashda anʼanaviy usullarni yangisi bilan uygʻunlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi.

3. Bolalar atrofidagi muhit ularning qiziqishlariga qarab oʻzgartiriladi

Muhit – montessori pedagogikasining poydevoridir. Bolalar xonasidagi jihozlar ularning ehtiyojlarini hisobga olgan holda joylashtiriladi va qiziqishlariga mos ravishda oʻzgartirib turiladi. Tarbiyachilarning qoʻllari “guruh pulsi”da boʻlib, bolalarni kuzatib boradi va jihoz, koʻrgazmalarni mashgʻulotlar mazmuni, dolzarbligiga qarab yangilaydi. Montessori taʼlimoti boʻyicha maktabgacha taʼlim muassasalarida tarbiyalanuvchilar uchun sensor amaliy nutq oʻstirish va rivojlantirish muhiti, matematik tasavvurlarni shakllantirishga sharoit yaratish lozim.

4. Baʼzi mashgʻulotlarda yoshlari har xil bolalar ham birga shugʻullanishi mumkin

Bolalar juda koʻp narsalarni tengdoshlariga qarab oʻrganadi. Har xil yoshdagi bolalar jamoasi bunday tajriba almashish uchun qulay muhit. Bola vaqt oʻtib qanday rivojlanish darajasida boʻlishi kerakligini kattalardan oʻrgansa, oʻzidan kichiklar bilan hayotiy tajribasini boʻlishishdan zavqlanadi. “Zamonaviy oila”larda (kun davomida ishda boʻladigan ota-onalarning bolalari bilan muloqotga vaqti qolmaydi) bolalarga taqqoslash, rivojlanish, oʻzini namoyon qilish uchun sharoit yetarli emas. Shu sababli aynan shunday mashgʻulotlar bolada oʻziga ishonch hosil qilish, mustaqil fikrlashni rivojlantirish uchun qulaydir.

5. Bolalar mashgʻulotlarda erkin boʻlishi kerak

Guruhdagi bolalar mashgʻulot uchun maxsus xonaga kirgach (montessori metodikasida mayda va yirik motorikani rivojlantiruvchi, tabiat bilan tanishtiruvchi, nutq oʻstirish mashgʻulotlari va hokazolar uchun alohida xonalar jihozlanadi), uning xohish-istaklari hisobga olinadi. Yangi bilimlar tarbiyachi tomonidan bayon qilingach, bola oʻzi tanlagan oʻyinchoq yoki jihoz bilan oʻynashi, baʼzan bu jarayonda ular bitta oʻyinchoqni talashib qolishi mumkin. Bu holat montessori metodikasining keyingi qoidasini keltirib chiqaradi.

6. Bola yakka oʻynash yoki tengdoshlari bilan shugʻullanishni oʻzi tanlaydi

Bolalar oʻzining mustaqil fikrini erkin bayon qilish, boshqalar fikrini hurmat qilish, bir-birlari bilan hamkorlikda ishlash, oʻzaro til topishishni erkin muhitdan oʻrganadi. Buni tarbiyachi nazorati taʼminlaydi. Guruhga yangi kelgan bola yil oxirida birovlarning xohish-istaklarini hurmat qilib, kelishib shugʻullanishni oʻrganadi (bu koʻnikmalar ular katta boʻlgach, mustaqil hayotda asqotadi).

7. Bolalar qancha xohlasa, shuncha vaqt shugʻullanadi

Montessori guruhida bolalarga bosim oʻtkazilmaydi, uning qoʻlidagini “bu yoqqa ber!” deb tortib olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Masalan, tabiat bilan tanishtirish mashgʻulotlarida bola barglarni oʻrganib oʻtirgan boʻlsa, ikki daqiqadan soʻng sabzavotlar bilan shugʻullanishni xohlasa, “Qaragin, qanday chiroyli rangli barglar bor” deyilmaydi, bu mazkur metodikaga ziddir.

Davomi izohda.