Pedagogning kasbiy soʻniqishi, yaʼni hissiy jihatdan nihoyatda toliqib ketishi sabab-oqibatlari haqidagi postimiz ancha qiziqish uygʻotgani quvonarli holat, albatta.
Ammo izoh va ogʻzaki murojaatlarda “Bundan chiqdi men quyib boʻlgan ekanman-da...” degan mulohazalar oz emasligi tashvishli.
Bunday hamkasblarga vaziyatni loaqal yengillashtirish boʻyicha ayrim mulohazalar bilan boʻlishmoqchimiz:
1. Tabiat, sanʼat, sport kuchli chalgʻituvchi va boʻshashtiruvchi effektga ega boʻladi.
2. Axborotdan dam olish kunlari, yaʼni TV va WWW kabilardan ozod kunlarni joriy etish.
3. Uxlashdan oldin kitob oʻqish odati boʻlsa, nazm emas yaxshisi sheʼr oʻqishga harakat qilib koʻrish (baʼzi maʼlumotlarga koʻra, sheʼriyat bunday vaziyatlarda kuchliroq tinlantirish salohiyatiga ega).
4. Ish kuni davomida qisqa tanaffuslar joriy etish, kutish daqiqalari, majburiy harakatsizlik vaqtini kiritish.
5. Dush qabul qilganda kun davomidagi voqealarni oxista aytib, hamma yoqimsiz holatlar suv bilan oqib ketayotganini tasavvur qilish.
6. Kichkina boʻlsa ham oʻziga oʻzi bayram uyushtirish, xursand qiluvchi haridlarni amalga oshirish.
7. Muloqotda salbiy emotsiya kuchayotgani sezildimi, pauza olish, ichida oʻngacha sanash, qoʻl ostida nimanidir oʻzgartirish (mas., stoldagi narsalar joyini oʻzgartirish), xonada boʻlinsa, oina oldiga kelib, tashqariga qarash.
8. Qaysidir mashgʻulotlarda dastur yoki olimlar qarashlaridan chetlab, koʻproq oʻziga xos uslubda, oʻzi bilganicha qilib koʻrish yoʻllarini izlash.
9. “Falon vaqtgacha sira iloji yoʻq”, “Falon vaqtdan falon vaqtgacha umuman aloqada boʻla olmayman”, “Bu masalaga faqat falon kuni faloncha vaqt ajrata olaman" degan gaplardan tortinmaslik.
10. Pozitiv fikrlash taktikasini qoʻllash (oltin qoida – vaziyatni balki oʻzgartira olmasmiz, lekin unga munosabatni oʻzgartirish bizning qoʻlimizda):
“Axmoq oʻquvchilar jahlimni chiqardi” dan koʻra, “Shunday oʻquvchilar borligi meni yangicha usullar qidirishga undaydi”, “Rahbariyat koʻp talab qoʻymoqda” oʻrniga “Bu holat oʻz ishim bilan ularda ishonch qozonganimning alomatidir”.
Qolaversa, hurmatga sazovor, hayot tajribasi namuna boʻluvchi odamlar bilan dildan suhbat qurish, oʻqishni davom ettirish yoʻllarini oʻylab koʻrish, bir muddat oʻquvchilarga vazifa bermay turish ancha taʼsirchan choralardir.
Aslida dunyo amaliyoti shuki, kasbiy kuyishga yetganlar mutaxassislar yordamiga murojaat qiladilar.
Biroq to kasal boʻlmaguncha shifokor qabuli, tahlil topshirishni xayoliga keltirmaydigan “qora koʻzlarimiz” bu vaziyatda mutaxassisga uchrashiga ishonish qiyin.
Shunday ekan, loaqal yuqoridagi taklif-mulohazalar zora quyib qolgan birovga foydali boʻlsa.
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)