Avtoritet (auctoritas) — "taʼsir, nufuz, obroʻ" maʼnolarini anglatadi. Taʼlimda esa:

Oʻquvchilar ichida oʻz hurmat, taʼsir kuchiga ega boʻlgan oʻqituvchini «avtoritet» deyishimiz mumkin.

Avtoritetga — bilim, koʻnikma, tarbiya, fidoyilik bilan erishiladi:

Bu esa tabiiyki insondan katta mehnat va vaqt talab qiladi.

Baʼzi ustozlarning bunga sabri yetmaydi:

Avtoritetga tabiiy yoʻllar bilan erisha olmaydi.

Shu vaqt maqsadga — "yolgʻon avtoritet" bilan erishishga harakat qiladi.

Keling ustozlar, yolgʻon avtoritetning 5 turini koʻrib chiqamiz:

1. Bosim avtoriteti — bu oʻqituvchi oʻquvchilarga bosim oʻtkazib, ularga doimiy ravishda buyruq beradi, baqiradi yoki jazolaydi. Oʻquvchilar unga hurmat bilan emas, balki qoʻrqib boʻysunadi.

2. Masofa avtoriteti — bu turdagi ustoz oʻquvchilardan doimiy ravishda uzoqlashishga harakat qiladi, ularga iliq munosabat koʻrsatmaydi. U oʻzini “katta odam” sifatida koʻrsatib, talabalar bilan yaqin boʻlishdan qochadi.

3. Pedantizm avtoriteti — bu oʻqituvchi mayda detallarga haddan tashqari eʼtibor beradi, faqat qoidalarga yopishib oladi va oʻquvchilarning shaxsiy xususiyatlarini inobatga olmaydi.

4. Keraksiz nasihat avtoriteti — bu ustoz oʻquvchilarni keraksiz va ortiqcha nasihatlar bilan charchatadi. U oʻquvchilarga doim oʻzining bilimini koʻrsatishga harakat qiladi, lekin ular uchun foydali boʻladigan amaliy bilim bermaydi.

5. Soxta mehribonlik avtoriteti — oʻqituvchi juda «mehribon» boʻlib, oʻquvchilarga haddan tashqari erkinlik beradi, ularga hech qanday talab qoʻymaydi va ularning har qanday xatolarini kechiraveradi.

Eng yomoni, yolgʻon avtoritet qisqa muddatda samara bersada, uzoq muddatda yoʻqotishlarga olib keladi.

Barchamizga haqiqiy avtoritet oʻqituvchi boʻlish nasib qilsin!

Siz yana qanday yolgʻon avtoritetlarni bilasiz?