Katta-katta gʻalabalarga puxta oʻylab chiqilgan mayda-mayda harakatlar orqali erishiladi. Mahoratli va tajribali ustozlardan dars oʻtishda eng muhimi nima, deb soʻrasangiz, odatda nomuhim narsaning oʻzi yoʻq qabilida javob olasiz. Darhaqiqat, sinfga qanday kirib kelishingiz-u bolalarga qanday murojaat qilishingiz, savol-javobni qanday oʻtkazasiz-u uy ishini bajarmaganlarga qanaqa chora topasiz, hatto, ish stolingizda jihozlaringiz qanday joylashadi, ishoning ziyrak qora koʻzlar nazaridan chetda qolmaydi.
Dars asosiy qismining boshlanishi odatga koʻra mavzuni eʼlon qilish bilan belgilanadi. Albatta, bu borada klassik yondashuv har doim tayyor – bitta jumla va doskaga bitta yozuv, oʻquv xonasida imkoniyat boʻlsa, bitta jumla va elektron ekrandagi, balki biroz jimjimador yozuv. Lekin “qalb amri” bilan dunyoda nimanidir boʻlsa-da oʻzgartirish orzusida yashaydigan ustozlar oʻzini qiynab tinmay boshqacharoq yoʻllar izlaydilar. Mavzu eʼlon qilishdek oddiy ishda boshqachalik qanday boʻlishi mumkin?
1-usul. “SIRLI QUTI”: Stol ustida sirli quti yoki xaltacha turadi. Oʻquvchilar “Ha” yoki “Yoʻq” deb javob beriladigan savollar orqali ichidagi narsani topishlari kerak. Bu narsa mavzuga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻliq boʻladi. Masalan, geografiya darsida, “Avstraliya” mavzusi, quti ichiga kenguru oʻyinchogʻi yoki bumerang solib qoʻyilishi mumkin, fizika darsida “Magnit maydoni” mavzusi, xaltada kompas.
2-usul. “ANAGRAMMALAR”: Mavzu nomini tashkil etuvchi soʻzlardagi harflar aralashtirib keltiriladi, oʻquvchilar anagrammada yashiringan soʻzlarni topish yoʻli bilan mavzuni aniqlaydi. Masalan, tarix darsida “bals irshyulair” (“Salb yurishlari”), ona tilida “shiint alirilgbe” (“Tinish belgilari”).
3-usul. “AUDIO-VIDEO ISHORA”: (Texnikaviy imkoniyat mavjud sharoitda): Oʻquvchilarga qisqa audio yoki video parcha qoʻyib beriladi. Undagi qoʻshiq yoki lavhachada qandaydir ishora boʻladi. Oʻquvchilar media asosida mavzuni taxmin qilib koʻradilar. Masalan, balki ingliz tilida kichik sinflarda “Sonlar” mavzusiga “How Many Fingers on One Hand?” qoʻshigʻidan parcha eshittirish mumkin boʻlar, katta sinflarda deylik, shved qoʻshiqchisi Bosson ijodidan “Rockstar” qoʻshigʻidagi birinchi kupletdan “Heʼs got the best grades too as a doctor, Or a lawyer professor, Or a teacher he has to make his parents dream come true. But he wants to be a Rockstar degan joyini qoʻyib eshittirib (qoʻshiqning oʻziga yarasha “shirin” ritmi bor), mavzu kasblar ekaniga ishora qilish mumkin.
4-usul. “Assotsiatsiyalar zanjiri”: Ekranda yoki doskada bir qarashda bir-biriga bogʻliq boʻlmagan 4 ta rasm koʻrsatiladi. Oʻquvchilar ularni birlashtirib turgan nuqtada mavzuni topishi kerak. Masalan, tarix darsida rasmlar — ipak matosi, tuyalar karvoni, qadimgi tangalar, choy ichib oʻtirgan odamlar, mavzu “Buyuk ipak yoʻli”.
5-usul. “Hikmat”: Oʻquvchilarga boʻlajak dars mazmuniga mos keluvchi qisqa va taʼsirli hikmat aytiladi, uning mazmuni asosida savol beriladi va shu orqali mavzuga oʻtiladi. Masalan, iqtisod darsida mavzu “Pul” boʻlsa, “U shunday narsaki — yaxshi xizmatkor, lekin juda yomon xoʻjayin. Gap nima haqida ketyapti?” hikmati, matematika darsida mavzu “Tenglamalar” boʻlsa, “Dunyodagi eng goʻzal narsa — bu tarozi pallalarining tengligidir, chunki adolat ham, goʻzallik ham muvozanatdan boshlanadi” hikmati, biologiya darsida “Teri tuzilishi” mavzusida “Eng mukammal sovut va eng nozik libos insonga tugʻilganidayoq hadya etilgan” hikmati, “Ovqat hazm qilish tizimi” mavzusida “Uzoq yoʻl hamisha eng yaxshi narsalarni yigʻib olishni osonlashtiradi” hikmati qoʻl kelishi mumkin.
Shubhasiz, mavzuni noodatiy eʼlon qilish oʻquvchilar diqqatini tez jalb etadi, bilish ehtiyojini “qitiqlaydi”. Ammo bu kabi yondashuvlarni qoʻllashda vaqt chegarasiga hushyor boʻlib turish kerak. Jarayon 3 daqiqagacha davom etishi maqsadga muvofiq, aks holda, bolalar diqqati mavzudan oʻyinga koʻchib qoladi.
Postni ustozlarga yuboring.