Sen oʻzingdan hech qoniqmaysan, doimo yangi maqsadlar qoʻyasan, izlanasan, kuyib yonasan.

Bu sifatlaring uchun peshonangdan oʻpib qoʻysa arziydi. Ammo seni qalbingda bir muammo bor — oʻzingni solishtirish.

Baʼzi paytlar, atrofdagilar erishayotgan yutuqlar seni ruhingni soʻndiradi, kayfiyatingni tushiradi, oʻzingni bu dunyoga kelib hech narsa qilmaganday his qilasan.

Ayniqsa oʻzingdan besh-olti yosh kichiklar qilayotgan ishlar seni hayron qoldiradi. Ular qoʻlga kiritgan yutuqlarni sen umr boʻyi qilolmaydigandek his qilasan.

Bu muammoning sababchilaridan biri — internet. Chunki sen faqat qandaydir yutuqqa erishgan, omadi chopib qolgan odamlar hayoti bilan tanishasan.

Natijada sen "bu dunyoda hammaning ketmoni uchyapti, meniki esa yoʻq, bevafo dunyo", deb oʻzingni qoʻltigʻingdan osib yuborging keladi.

Aslini olganda, bu dunyoda hamma bir qiyinchilik, bir rohatda; bir omad, bir omadsizlikda yashaydi.

Osha sen omadli deb hisoblagan odamlarni tarixini oʻrgansang, ular qanday omadsizliklarni boshidan kechirganlarini anglab yetasan.

Shunday ekan, oʻzingni hech kim bilan solishtirma. Seni ishing boshqalardan yaxshi boʻlish emas — kechagi kundagi oʻzingdan yaxshiroq boʻlish va shu yoʻlda jon berish.

Esingda tut, Alloh sening natijalaringa emas, harakatlaringga qaraydi.

Shunday Paygʻambarlar borki, bu dunyoda hech kimni hidoyatiga sababchi boʻlolmagan. Ammo Alloh ularni qilgan harakati tufayli katta mukofotlar beradi.

Oʻzingni solishtirma! Chunki sen betakrorsan. Qayerdan bilasan? balki qilgan birgina kichkina amaling uchun seni Alloh jannatda Paygʻambarlarga qoʻshni qilib qoʻyar...

Hech qachon oʻzingni solishtirma! Sen oʻsha omadsizliklaring, oʻsha kamchiliklaring bilan goʻzalsan!

23.05.2024