Bloger Xushnudbek PUBG oʻyinini oʻynab koʻrganini aytib, qiziqarli fikr bildiribdi:
"Men PUBG oʻynab koʻrdim. Oʻyin shu darajada puxta tuzilganki — odamni oʻziga tortib oladi. Yoshlarda umuman ayb yoʻq ekan. Oʻynamagnimda bilmasdim..."
Bu fikrga qoʻshilaman. Oʻtgan yili shunga oʻxshash post ham yozgandim.
Qiziq savol tugʻiladi: PUBG nimasi bilan bunchalik jalb qiladi?
PUBG sanoati odamlarning diqqatini tortish uchun turli psixologik mexanizmlardan foydalanadi.
Quyida shu kabi hiylalardan 9 tasini keltirib oʻtaman:
1. FOMO (Fear of Missing Out) — Yaʼni, boshqalardan qolib ketish, nimadandir quruq qolish qoʻrquvi.
Marketingda "faqat bugun 50% chegirma" kabi usullar ishlatilsa, PUBGʻda esa cheklangan vaqt ichida turli tadbirlar va mukofotlar taqdim etiladi.
2. Omon qolish instinkti — Inson tabiatan oʻzini himoya qilishga moyil. PUBG esa tirik qolish uchun kurash jarayonini yanada jozibador qiladi.
3. Dofamin mukofot tizimi — Oʻyinda kichik yutuqlar (raqibni oʻldirish, uzoqroq yashash, sovgʻa olish) miyaga zavqlanish gormoni — dofamin ajralishini taʼminlaydi.
4. "Battle Royale" formati — Har bir oʻyin takrorlanmas tajriba yaratadi, chunki har safar xarita va dushmanlarning joylashuvi oʻzgaradi. Bu esa bolalarning zerikmasligiga sabab boʻladi.
5. Sotsial bogʻliqlik — Inson ijtimoiy mavjudot. PUBG esa muloqot va jamoaviy oʻyin orqali odamlarning ehtiyojini qondiradi. Doʻstlar bilan oʻynash imkoniyati uni yanada jozibador qiladi.
6. Raqobat instinkti — Inson tabiatan raqobatlashishga moyil: kimning mashinasi yaxshiroq, kimning uyi kattaroq va hokazo. PUBG esa bu instinktni qoʻzgʻatadi.
7. Loot tizimi (Tasodifiy mukofotlar) — Baʼzan kuchli qurol yoki jihozlar kutilmaganda qoʻlga kiritiladi. Bu lotereya kabi ishlaydi va qiziqishni oshiradi.
8. "Hindrance & Frustration" — Oʻyin yetarlicha qiyin boʻlishi kerak, lekin haddan tashqari emas. Juda oson boʻlsa, zerikarli boʻlib qoladi.
9. Skinlar va xarid qilish psixologiyasi — Oʻyin ichidagi kiyim-kechak va boshqa narsalar geymerlarni PUBGʻga bogʻlab turadi. Bundan tashqari, boshqalardan ajralib turish hissini kuchaytiradi.
Postni yozar ekanman, negadir Hadid surasidagi oyat xayolimga keldi:
Bilingki, bu dunyo hayoti (faqat) oʻyin-kulgi, behuda mashgʻulot, ziynat, oʻzaro faxrlanish, mol-mulk va farzandlarni koʻpaytirishdan iboratdir..." (57:20)
Xullas, oʻsha gap:
Telefon oʻlgur yoshlarni buzyapti emas: biz oʻyin-yaratuvchi muhandislardan ortda qolib ketdik.