2010-yildan beri Abdulloh domlani suhbatlarini eshitaman. Hayotda koʻrishni orzu qilardim.
Niyatimga yetdim. Bugun koʻrdim:
Odatda mediadagi insonlarni hayotda koʻrsam — hafsalam pir boʻlardi.
Ustozga esa aksincha hurmatim oshdi.
Hamma oʻzini koʻzoynagi bilan qaraydi.
Men ham pedagogik koʻz bilan qarab, ustozning dars oʻtish mahoratini tahlil qildim:
1. Ommaga moslashish. Qiyin mavzular ham oʻta yengil. Sodda. Omma tilida gapiriladi.
2. Kulgu. Darslar yumorga boy. Odamlarni zeriktirib qoʻymaslik uchun, tez-tez kuldirib turildi.
3. Misol berish. Qiyin, mavhum mavzular — oʻta sodda misollar bilan tushuntirildi: mashina, futbol, kundalik hayot.
4. Tana harakati (body language). Mavzu tushuntirishda qoʻl harakatlari oʻta mohirlik bilan ishlatildi. Darsga rang va energiya berdi.
5. Ravon nutq. Gaplar dona-dona. Soʻzlar ravon. Tushunishni oson qiladi.
6. Empatiya. Insonlarni his qilish kuchli: charchoq, uyqusirash boshlanishi bilan darrov odamlar harakatga keltirildi.
7. Koʻz kontakti (eye contact). Bir yerga qarab — monoton suhbat qilmasdan, barcha ommaga koʻz tashlab, dars oʻtildi.
8. Oʻz vaqtida tugatish. Odamlarning holati hisobga olindi. Malollantirilmay, oʻz vaqtida tugatildi: shakarning ham ozi shirin deganday.
Xullas, shunday.
Qirgʻiziston, Oʻsh, 18.04.2025