Fitnes zaliga qatnaydigan bir tanishimiz aytib bergandi – bodibilder yigitlarning biri rosa shishirilgan mushakli qoʻlining tirsakdan pastrogʻiga ishorali qilib oʻyma yozuv (tatu) bitgan ekan:
“Tilagim – bilagimda!”.
Qiziq, ustozning kuchi qayerida boʻlarkin? Ustozning ham bilagida kuchi boʻlgani yaxshi, har qalay insho-yozma ish tekshiraman, deb uyga pachka-pachka daftar tashiydi, ichida oʻzidan boshqa hamma narsa topiladigan sumkasi ham bilakka yaxshigina sinov boʻladi.
Biroq kuch tugul, bilagining oʻzi boʻlmasa-chi, yetmaganiga yana ikki oyoq ham yoʻq boʻlsa-chi... Bunday oʻta achinarli jismoniy holatni tasavvur qilishning oʻzi qoʻrqinchli, baʼzi koʻngli boʻshlar “Bunaqa yashashdan yashamay qoʻya qolgan yaxshi”, degan xayolga borishi ham mumkin. Yashash tugul shunday odam oʻqituvchilik qilsa-chi?
Ustoz Ahmad Savafiri Falastin bombardimon qilinganda ikki oyogʻi va bir qoʻlidan toʻliq ayrilgan. Har tong ukasi aravachada uni yuqori qavatli uy zinapoyasidan olib tushib qoʻyadi, ustoz maktabga yetib borib, sinfdan sinfga aravachada harakatlanib, dars oʻtadi, sogʻ qolgan bitta qoʻli bilan doskaga yozadi, tanaffusda esa maktab maydonida bolalarga qoʻshilib voleybol toʻpini uradi.
Falokatdan ikki yil oʻtib, islomshunoslik yoʻnalishida bakalavriatni tamomlashga muvaffaq boʻldi. Uning shiori: “Imkoniyati cheklangan odamlarni yashashning qadri haqida oʻylanishga chaqiraman, hayotda hamma narsa boʻlishi mumkin, unda faqat tushkunlikka oʻrin boʻlmasligi kerak”.
Ahmad Savafiri pedagogning missiyasini “Yashashga oʻrgatish” deb tushunadi. Ammo shiorni chiroyli soʻzlar bilan aytish bor, unga shaxsan namuna boʻlish bor. Ustoz Ahmad Savafari shior bilan emas, oʻzining shaxsi bilan chidam-bardosh va yashash uchun kurash qanday boʻlishini koʻrsatib berdi. Aslida tarix taqozosi bilan uning oʻquvchilari yashaydigan hududda axir shu eng muhim saboq-ku!
Soʻzimiz boshiga qaytib, ustozning kuchi nimadaligiga Ahmad Savafari prizmasi ortidan qarasak, shuni tushunamizki, bilagida ham emas, bilimida ham emas. Hayotga boʻlgan ulkan muhabbat, kimgadir hayotda foydali boʻlish istagi, kimningdir hayotida iz qoldirish umidi – ustoz kuchining asl manbasidir. Formula oddiy, hamma bilgan haqiqat: ustozning soʻzidan koʻra, oʻzi koʻproq tarbiyadir.
Material Middle East Eye internet nashrining
“Disabled teacher in Gaza inspires his students to never give up”
maqolasi asosida P.S.Ergashev tomonidan tayyorlandi