Telefon ishlatishda baʼzi oilalar oʻta qattiqqoʻl, baʼzilar esa judayam beparvoligini koʻramiz.

Quyida, telefon ishlatishda oilalarning farzandiga boʻlgan 7 xil munosabatini koʻrib chiqamiz:

1. Avtoritar oila — bu turdagi oilalarda ota-ona haddan ortiq nazoratchi boʻladi. Uyda qatʼiy qoidalar oʻrnatilar ekan — bolaning rivojlanish xususiyati va talab-istaklari umuman eʼtiborga olinmaydi.

Ichki qoidalar buzilsa — avtomatik jazo choralari qoʻllaniladi va hech qanday tushuntirish berilmaydi.

Bunday oilada oʻsgan bolalar — boshqalarning fikriga qaram, oʻziga ishonchi past va irodasiz boʻlib ulgʻayishadi. Voyaga yetgach atrofda ularni boshqaradigan avtoritar muhit izlashda davom etishadi.

2. Eʼtiborsiz oila — bu oilalarda bolaning xohish-istaklariga chegara qoʻyilmaydi, tamoman befarqlik hukm suradi.

Odatda bu turdagi oilalar yo koʻp ishlaydigan oliy maʼlumotli, yoki taʼlim darajasi past ota-onalardan iborat.

Bola oʻziga diqqat qaratish uchun turli — ijobiy, salbiy yoʻllarni sinab koʻradi.

Eʼtiborsizlik — xulq-atvor buzilishiga olib keladi. Natijada, ota-ona keskin jazo koʻrishni boshlashadi.

Bu muhitdagi bolalar — tajovuzkor, oʻziga ishonchi past, beqaror xarakterli boʻladi.

3. Oʻta bagʻri keng oila — odatda bir farzandli oilalarda kuzatiladi. Bu oilalarda bolaning "ogʻzidan chiqqani" muhayyo qilinadi. Taʼqiq yoʻq — erkinlik chegarasi osmonu falakkacha choʻziladi. Bola uy xoʻjayiniga aylanadi va televizor pulti ham uning qoʻlida turadi.

Bu oilada oʻsgan bolalar — toʻgʻri va notoʻgʻrini ajrata olmaydi, xavf-xatar yoqasida yashaydigan, masʼuliyatsiz inson boʻlib ulgʻayadi.

4. Tuturiqsiz oila — bu oilada qachon nima qilish kerakligi aniq emas. Bir kun bola 10 soatlab telefon oʻynasa indalmaydi, ertasiga endi qoʻliga olgach baqirish boshlanadi. Ota-ona zid harakati bolani chalgʻitadi — bolaga ota telefon sovgʻa qiladi, onasi esa uni olib qoʻyadi.

Bu kabi oilalarda bola — insonlarga ishonmaydi, qaror qabul qilishga qiynaladi, yo oʻta oʻzboshimcha, yoki doim boʻyin egadigan boʻladi.

5. Haddan tashqari himoyalovchi oila — ota-ona doimo boladan xavotirda boʻladi. Bolaning yoʻlidagi barcha toʻsiqlar olib tashlanadi — qoqilishga berilmaydi. Bola ulgʻayganda ham texnologiyadan foydalanishga ruxsat berishga oʻta ehtiyotkor boʻlishadi.

Bunday bolalar — oʻzini himoya qila olmaydigan, qaror qabul qilishni bilmaydigan boʻlib voyaga yetadi. Himoya qobigʻlaridan chetga chiqishlari bilan dovdirab — ularga panoh boʻladigan odam izlashadi.

6. Perfektsionist oila — bolani har qanday sohada muvaffaqiyatli boʻlishga majburlashadi, balet kursidan tortib matematikagacha. Farzandlari maktabiga tinimsiz qatnashadi.

"Barchasi farzandim kelajagi uchun", deb yugurayotgan ota-ona — aslida oʻzlarining oʻtmishdagi jarohatlariga malham qoʻyayotgan boʻlishadi. Bolani planshetda oʻtkazgan har bir daqiqasini foydaga yoʻnaltirish kerak, deb biladi.

Bu oilalarda bola — xavotirchan, oʻziga ishonchi past boʻladi. Qolaversa, qadrsizlik hissi va muvaffaqiyatsizlik qoʻrquvi bola ruhiyatiga singib ketadi.

7. Demokrat oila — bolaga ishonadi, qoʻllab-quvvatlaydi, samimiy munosabatda boʻladi. Texnologik jihozlardan foydalanish boʻyicha qarorlar birgalikda qabul qilinadi. Farzandga ishonilsada, yosh xususiyatlari nazoratdan chetda qolmaydi. Bolalarga masʼuliyat yuklanadi. Tartib qoidalar buzilsa — jazolar aniq va avvaldan belgilangan boʻladi. Ishonch tuygʻusi birinchi oʻrinda turadi.

Bunday oilada katta boʻlgan bolalar — oʻziga ishonadigan, moslashuvchan, mustaqil va masʼuliyatni his qiladigan boʻladi.

Post: «Virtual dunyoda ota-onalik mashaqqati» kitobidan olindi.