Garvard Universiteti psixologi — Hovard Gardner, oʻquvchilarimizdagi qobiliyatni aniqlashga yordam beruvchi 8 xil intellektni oʻz kitobida keltiradi:

1. Koʻrish intellekti.

Bu turdagi oʻquvchilar — video, rasm va koʻrgazmali darsni yaxshiroq ilgʻab olishadi.

Vizual intellektga ega odamlar:

• Mozaikalarni birlashtirishni xush koʻradi

• Rasmlar, grafiklar va diagrammalarni yaxshi talqin qiladi

• Rasm chizish va tasviriy sanʼatdan zavqlanadi

• Shakllarni osongina tanib oladi.

Mos kasblar: Arxitektor, Rassom, Muhandis.

2. Lingvistik-verbal intellekt

Bu turdagi odamlar yozganda ham, gapirganda ham soʻzlardan yaxshi foydalana oladilar. Ular odatda hikoyalar yozish, maʼlumotni yodlash va oʻqishda ilgʻordirlar.

Xususiyatlari:

• Yozma va ogʻzaki maʼlumotlarni eslab qoladi

• Oʻqish va yozishdan zavqlanadi

• Debat qilish yoki insonlarni ishontirishda aʼlo

• Biror narsani yaxshi tushuntira oladi

• Hazildan mohirona foydalana oladi.

Mos kasblar: Yozuvchi, jurnalist, huquqshunos, advokat, oʻqituvchi.

3. Mantiqiy-matematik intellekt

Mantiqiy-matematik intellektga ega boʻlgan odamlar fikr yuritish, algoritmlarni anglash va muammolarni mantiqiy tahlil qilishda kuchlidirlar.

Mantiqiy-matematik aqlga ega odamlar:

• Muammolarni hal qilishda kuchli

• Mavhum gʻoyalar haqida oʻylashdan zavqlanadi

• Ilmiy tajribalar oʻtkazishni sevadi

• Murakkab hisob-kitoblarni yecha oladi

Mos kasblar: Olimlik, matematik, kompyuter dasturchisi, muhandis, buxgalter.

4. Tana-kinestetik intellekti

Bu turdagi intellektga ega boʻlganlar tana harakatini va jismoniy nazoratni qoyillatadilar. Ular odatda epchil boʻladi.

Xususiyatlari:

• Raqsga va sportga mohir

• Oʻz qoʻllari bilan narsalar yaratishdan zavqlanadi

• Tanasini ajoyib harakatlantira oladi

• Eshitish yoki koʻrishdan koʻra, bajarish orqali eslab qoladi

Mos kasblar: Hunarmand, raqqos/raqqosa, quruvchi, jarroh, haykaltarosh.

5. Musiqiy intellekt

Kuchli musiqiy intellektga ega odamlar ritmlar va tovushlar bilan yaxshi ishlaydi.

Bu turdagi odamlar:

• Qoʻshiq aytish va musiqa asboblarini chalishdan zavqlanadi

• Musiqiy ohanglarni osongina tanib oladi

• Qoʻshiqlarni tez yodlab qoladi

• Musiqiy tuzilish, ritm va notalar haqida boy tushunchaga ega boʻladi

Mos kasblar: Musiqachi, bastakor, ashulachi, musiqa oʻqituvchisi, dirijyor

6. Shaxslararo intellekt

Shaxslararo intellektga ega boʻlganlar — boshqa odamlarni tushunish va muloqot qilishda talantli. Bu odamlar — atrofdagilarning his-tuygʻu, motiv, istak va niyatlarini tushunishda mohir.

Shaxslararo intellektga ega odamlar:

• Yaxshi muloqot qila oladi

• Ogʻzaki boʻlmagan muloqotda ham malakali

• Vaziyatlarga turli nuqtai nazardan qaray oladi

• Boshqalar bilan ijobiy munosabatlar oʻrnata oladi

• Jamoa ichidagi nizolarni hal qila oladi

Mos kasblar: Psixolog, faylasuf, maslahatchi, sotuvchi, siyosatchi

7. Intrapersonal — ichki intellekt

Intrapersonal intellektga ega boʻlgan odamlar oʻzlarining hissiy holatlari, his-tuygʻulari va motivatsiyalarini yaxshi anglashadi. Ular oʻz-oʻzini mulohaza qilish va tahlil qilish, boshqalar bilan munosabatlarni oʻrganish va shaxsiy kuchli tomonlarini baholashdan zavqlanishadi.

Xususiyatlari

• Oʻzlarining kuchli va zaif tomonlarini yaxshi analiz qila olishadi

• Nazariya va gʻoyalarni tahlil qilishdan zavqlanadi

• Oʻz-oʻzini anglash qobiliyatiga ega boʻladi

• Ichki motiv, his tuygʻularining asoslarini tushunadi.

Mos kasblar: Faylasuf, yozuvchi, nazariyotchi, olim

8. Tabiatshunos intellekt

Bu turdagi shaxslar tabiatni parvarish qilish, atrof-muhit va boshqa turlarni oʻrganishga qiziqadi.

Xususiyatlari

• Botanika, biologiya va zoologiya kabi fanlarga qiziqadi

• Maʼlumotlarni osongina toifalarga ajratib chiqa oladi

• Bogʻdorchilik, piyoda sayr qilish va ochiq havoda yurishdan zavqlanadi

• Tabiat bilan aloqasi boʻlmagan notanish mavzularni oʻrganishni yoqtirmaydi

Mos kasblar: Biolog, tabiatni muhofaza qiluvchi, bogʻbon, fermer

Siz oʻzingizni qanday intellekt sohibi deb oʻylaysiz? Yozib qoldiring.

Postni hoziroq yaqinlaringizga ulashing