1-sinf edik. Ustoz kelajakda kim boʻlmoqchisizlar degan savolni oʻrtaga tashladi:
Baʼzilar doktor, baʼzilar kosmonavt, ayrimlar futbolchi boʻlishini aytdi.
Sinfdoshim Husniddin — avtobus haydovchisi boʻlmoqchiman dedi, mamnuniyat bilan.
Nega? — hammamiz qiziqib soʻradik.
Chunki avtobusga har bir chiqqan odam 100 soʻmdan beradi. Shuncha odamdan pul yigʻganida unda qancha pul boʻlishini oʻylab koʻringlar-a..
Yosh bola edik, biz ham uning gapiga «❤️» bosdik.
Lekin avtobuschi daromadining yarmini — avtobus ijarasiga, bir qismini konduktorga, bir qismini yoqilgʻiga va boshqa koʻplab xarajatlariga toʻlashiga aqlimiz yetmas edi.
Jahlim chiqadigani — shu kunlarda katta yoshdagi «Husniddin» kabi fikrlaydiganlarga koʻp duch kelyapman.
Tadbirkorlarni daromadini kavlagani-kavlagan.
Ayniqsa xususiy maktablar daromadini hisoblaydiganlar koʻp:
— Maktabing toʻlovi qancha?
— 6 million.
— Nechta oʻquvchi oʻqiydi?
— 500 ta.
Hayolida darrov 6 000 000 x 500 ga koʻpaytirib, rosa soqqa qilyapsizlar ekanda, deb qoʻyadi.
Vaholanki, maktablar sahna ortida qilayotgan xarajatlari ularga koʻrinmaydi.
Oʻzi tadbirkorlarni choʻntagini hisoblash qonimizga singib ketganmi deymanda?
Menimcha, muammoning ildizi — kommunizmga borib taqaladi.
Hamma narsa tekin boʻlishi kerak degan choʻpchakni nechta avlodga singdirib ketdi..
Siz ham shu toifadan boʻlsangiz — iltimos halol tadbirkorlarni pulini hisoblashni bas qiling.
Ishlasin, daromad qilsin, rivojlansin, qaddini ursin!
Tadbirkor rivojlansa — xalq ham rivojlanadi.